22:11 / 23.11.2016
28884

Singapurlik olimlar teri hujayralaridan qon hujayralarini yaratishdi

Foto: hi-news.ru

MedicalXpress nashri ma'lum qilishicha, singapurlik tadqiqotchilar guruhi maxsus texnologiya yordamida sichqon terisi hujayralarini shunday "transformatsiya" qilishganki, u qon hujayralariga aylangan. Bunday tajribalar avval ham o‘tkazilgan, biroq bu sinovlar vaqtida bunday hujayralarning faoliyat ko‘rsatishi bir necha kundan oshmagan.

Tadqiqot mualliflari hujayralarni "transformatsiya qilish" texnologiyasini quyidagicha tushuntirganlar: ma'lumki, teri funksiyalari va tuzilishi bo‘yicha turlicha bo‘lgan katta sondagi hujayralardan iborat. Bu hujayralar tashqi muhit sharoitlariga moslashuvchanlikning yuqori darajasiga ega. Olimlar teri hujayralarini qon hujayralari ta'sirlanadigan omillar ta'siriga uchratishgan. Natijada epidermis o‘sish qatlamining hujayralari o‘zgarib, qon hujayralari funksiyalarini bajarishni boshlagan.

Ayni vaqtda sichqonlarda sinov o‘tkazish ishlari yakunlangan va olimlar endi odamlarda tajribalar o‘tkazishmoqchi. Bu yo‘l bilan olingan qon hujayralari bir marta tanaga kiritilgandan keyin reaksiyalar keltirib chiqarmagan va 2 haftadan ko‘proq faoliyat yuritgan. Tadqiqot tiklanuvchi tibbiyot masalalari bilan shug‘ullanuvchi doktor Cheng Xuey boshchiligida o‘tkazilgan. Uning aytishicha, agar tajribalar muvaffaqiyatli o‘tsa, bu qon quyishga ehtiyoj sezuvchi bemorlarning hayotini yengillashtirishi mumkin. Misol uchun, immun buzilishlardan aziyat chekuvchi odamlarga, jarrohlik operatsiyalari vaqtida, xafaqonlikning og‘ir shakllaridan va saraton kasalligining avj olib ketgan jarayonidan aziyat chekuvchilar uchun katta miqdorda donorlik qoni zarur bo‘ladi.

Bu tajriba hujayralarni "transformatsiya qilish" bo‘yicha birinchisi emas. Avvalroq AQShlik olimlar shu yo‘l bilan sichqon tuhum hujayralarini olishgan. Bu hujayralar urug‘lantirilganda ulardan sog‘lom nasl olingan.

 

Top