16:21 / 25.11.2016
5309

Audi kompaniyasi Volvo bosh muhandisini ishga oldi

Foto: Motor.ru

Audi kompaniyasining tadqiqot va ishlanmalar bo‘limi yangi rahbari etib Volvo firmasi bosh muhandisi Peter Mertens tayinlandi. Nemis mutaxassisi sentabrda iste'foga chiqarilgan Shtefan Knirshning o‘rnini egallaydi.

Mertens Daimler va General Motors konsernlarida, shuningdek Jaguar Land Rover’da ishlagan. Britaniya alyansida u direktorlar kengashi tarkibida mahsulot sifatiga javob bergan. “Volvo”ga 2011 yilda kelgan muhandis Drive-E sinfidagi dvigatellar yangi avlodini ishlab chiqarish tashabbusi bilan chiqdi.

Avvalroq, Audi’da ishlagan oldingi bosh muhandis Volkswagen konserni bilan bog‘liq “dizel mojarosi” sabab iste'foga jo‘natilgandi. Amerikaning Jones Day yuridik firmasi tergoviga ko‘ra, Shtefan Knirsh kuch qurilmalaridagi “aldov” dasturiy ta'minoti haqida xabardor bo‘lgan va tergov jarayonida atayin yolg‘on ma'lumotlarni bergan.

Audi Volkswagen Group’da ishlamagan texnik mutaxassisni “dizelgeyt” bilan aloqasi bo‘lmagani sababli ishga taklif etgani xabar qilinmoqda.
 

Mavzuga oid
Top