18:39 / 25.11.2016
12521

Monika Belluchchiga Fransiya prezidenti tomonidan Faxriy legion ordeni topshirildi

Foto: © Instagram.com/monicabellucci

Fransiya prezidenti Fransua Olland italiyalik aktrisa Monika Beluchchiga Yelisey saroyidagi tantanali marosimda Faxriy legion ordenini topshirdi. Bu haqida aktrisaning Instagram tarmog‘idagi rasmiy akkauntida ma'lum qilindi. 

"Men Faxriy legion ordeni kavaleri bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat xursandman", - deya yozadi Beluchchi o‘zining sahifasida. Aktrisa Fransiya prezidenti Fransua Ollandga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. 

Bir necha darajalarga ega Faxriy legion ordeni 1802 yilda Napaleon Bonapart tomonidan ta'sis etilgan. Ushbu mukofotning topshirilishi bugunga qadar xizmatlarning davlat miqyosida tan olinishini bildiradi. 

Monika Beluchchi juda ko‘plab filmlarda betakror obrazlar yaratib, tomoshabinlar ko‘nglidan joy olgan. U nafaqat Italiya filmlarida, balki Yevropa, ko‘pincha fransuz filmlarida ham faol suratga tushib kelmoqda. Aktrisaning eng yorqin rollaridan biri - 2000 yilda italiyalik rejissyor Juzeppe Tornatore tomonidan tasvirga olingan "Malena" filmi.  

Monika Beluchchini ko‘p marotaba Hollivudga taklif qilishgan va u bir necha kartinalarda ishtirok ham etgan. O‘tgan yili aktrisa ishtirokidagi "007: Spektr" filmi kino ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olingan, unda Beluchchi afsonaviy Jyeyms Bondning dugonasi rolida namoyon bo‘lgan. 

 

Mavzuga oid
Top