21:18 / 25.11.2016
13637

Neymar 3 yil oldin nega «Santos»dan «Real»ga o‘tmagani ma'lum bo‘ldi

Madridning «Real» klubi o‘z vaqtida Neymarni «Santos» klubidan sotib olishga yaqin bo‘lgan. El Confidencial nashrining DIS kompaniyasidagi manbasiga asoslanib bergan xabariga ko‘ra, madridliklar 2013 yilda bu futbolchini «Barselona»dan tortib olishi mumkin edi.

Futbolchi kataloniyaliklar jamoasiga o‘tguniga qadar uning transfer huquqining 40 foiziga egalik qilgan bu kompaniya vakilining aytishicha, «Real» bu transfer amalga oshishi uchun juda katta mablag‘ sarflashi lozim bo‘lgan. 

O‘sha vaqtda «Santos» futbolchi uchun 65 mln yevro so‘ragan. Neymar va uning otasi ham o‘z talabini qo‘ygan - ularga mukofot pullari berilishi kerak edi. Natijada, uning transfer narxi 105 mln yevroga ko‘tarilgan.

Shu bilan birgalikda, Neymar avvalroq «Barselona» klubiga o‘tishga va'da berib, ular bilan oldindan shaxsiy bitim imzolagan va 10 mln yevro bonus olgandi. Agar Neymar bu bitimni buzib, boshqa klubga o‘tmoqchi bo‘lsa, 50 mln yevro miqdorida jarima to‘lanishi lozim bo‘lgan.

Bu jarimani «Real» to‘lashga rozi bo‘lsa, Neymar madridliklar uchun 150 mln yevroga tushardi. Shundan so‘ng «Qirollik klubi» uni sotib olish niyatidan qaytgan.

Top