23:01 / 25.11.2016
76014

O‘zbekistonliklar chiqish vizasini bekor qilishga doir petitsiyani imzolashmoqda

Shange.org saytida O‘zbekiston fuqarolari tashabbusi guruhi nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatlarini vaqtinchalik bajaruvchi, Bosh vazir Sh.M.Mirziyoyev nomiga murojaat xati (petitsiya) bitildi. 

Unda O‘zbekistonning bir guruh fuqarolari xorijga safar qilishda talab qilinadigan, ikki yilga beriluvchi chiqish vizasi mavzusini ko‘tarishgan. 

"Ma'lumki, mazkur viza fuqarolarning horijga chiqishini tartibga solish maqsadida amalga kiritilgan edi. Muayyan  davrgacha, ya'ni mustaqillikning dastlabki yillarida, bunday amaliyot o‘zini oqlagan bo‘lishi mumkin. Biroq, zamon – XXI asr yangi talablarni oldimizga qo‘ymoqda. Chiqish vizasi xalqaro me'yorlarga javob bermasligiga e'tiboringizni qaratmoqchimiz. U safar qilish, sayohatga borish, yurish va ko‘chish erkinligi tamoyiliga ham zid deb o‘ylaymiz. Qolaversa, chiqish vizasi poraxo‘rlikning kengayishiga ham sabab bo‘lmoqda", - deyilgan petitsiya matnida.

Shuningdek xatda mazkur viza olish jarayoni bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalib o‘tilgan hamda BMT Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 13.1-bandi keltirib o‘tilgan. Unda insonning butun dunyo bo‘yicha erkin yurish, o‘z mamlakatidan erkin chiqish va kirish huquqiga ega ekanligi ta'kidlangan. 

Bundan tashqari, petitsiyada dunyoning deyarli hech bir davlatida bunday viza rejimi yuritilmasligiga e'tibor qaratilgan. 

"O‘zbekiston Respublikasi jahonning rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ekan va shu yo‘lda bugunga qadar ancha islohotlarni amalga oshirganligini inobatga olgan holda, biz, o‘zbekistonliklarga chiqish vizasini bekor qilish uchun tegishli qaror qabul qilishingizni taklif etamiz", deb yakun yasalgan petitsiyaga. 


 

Top