19:51 / 26.11.2016
8091

Messining «Barselona» bilan shartnomasiga oid yangi ma'lumot berildi

«Barselona» direktorlari kengashi jamoa hujumchisi Lionel Messi bilan shartnomani uzaytirish qarorida qat'iy turibdi.

Sport.es nashri xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar jamoasi rahbariyati so‘ngi yig‘ilishda ushbu futbolchi bilan shartnomani uzaytirishni asosiy maqsad qilib belgilagan. Jamoa prezidenti Jozep Bartomeu Messining otasi Xorxe bilan telefonda suhbatlashib olgani ham aytilgan.

Xorxe Messi 3 dekabr kuni «Real» klubiga qarshi kechadigan bahsni tomosha qilish uchun tashrif buyuradi. Shundan so‘ng tomonlar muzokaralar stoliga o‘tirishadi.

«Barselona» Messiga faoliyatining so‘ngiga qadar shu jamoada qolishni taklif qilmoqchi.

Klub buning uchun qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, shuncha ajratishga tayyor.

Bartomeu muzokaralar vaqtida «Barselona» klubining rivojlanish yo‘lini izohlab, argentinalik futbolchining bu maqsadda tutgan muhim o‘rni haqida tushuntirish berib o‘tadi.

Manba xabariga ko‘ra, tomonlar shartnomani uzaytirishga ijobiy yondashmoqda. Lekin Messining o‘zi hali yakuniy qarorga kelmagan. 

Qayd etish kerakki, Messi bir necha bor faoliyatini o‘zining ilk jamoasi hisoblanmish «Nyulez Old Boyz» klubida yakunlamoqchi ekanini aytib o‘tgandi.

Top