10:44 / 26.11.2016
7066

O‘zbekistonda meva-sabzavotlarni saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnaga yetkazildi

Foto: © Fotolia

“O‘zekspomarkaz”da qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashtirilgan “UzAgroExpo – 2016” hamda “UzProdExpo – 2016” XII xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada Xitoy, Belarus, Germaniya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Polsha, Niderlandiya, Rossiya, Turkiya, Ukraina kabi davlatlarning yetmishdan ortiq kompaniyasi ishtirok etdi.

O‘tgan yili O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 230 korxona, 77 ming 800 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 114 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi. Mamlakatda meva-sabzavotlarni saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnaga yetkazildi.

Sohada qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar chet ellik sarmoyadorlar, yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kompaniyalarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini tobora oshirmoqda. Ular o‘zlarining zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va jihozlari, bog‘ hamda issiqxonalarda ishlatiladigan asbob-uskunalar, veterinariya preparatlari, urug‘lik donni saralash mashinalari, resurs tejamkor texnologiyalarini taklif etishmoqda.
Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarda qatnashayotgan xorijiy kompaniyalar safi yildan-yilga kengayib bormoqda.

Ko‘rgazmalarda bir qator xorijiy kompaniyalarning stendlari ham e'tiborni tortdi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati uskunalari, muzlatish qurilmalari, mevani qayta ishlash uskunalari va boshqa ko‘plab jihozlar namoyish etildi. Xususan, Italiya va Xitoy, Eron davlatlari ishlab chiqaruvchilarining meva-sabzavotni tozalaydigan uskunalari, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan moslamalari, turli muzlatgich agregatlari, vakuumli to‘ldirgichlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
 

Top