12:09 / 27.11.2016
11274

Arxivdagi “o‘yin”

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari fuqarolardan kelib tushgan arizaga asosan o‘tkazilgan tadbirda bevosita xizmat vazifasini bajarish uchun pora olgan Alibek Mullayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hamda unga vositachilik qilgan Karimjon Rasulovni qo‘lga oldi, deb yozadi “Huquq” nashri.

A.Mullayev 2015 yil boshida Davlat arxivi Marg‘ilon shahar bo‘limi direktori lavozimiga tayinlangan. K.Rasulov esa Qo‘shtepa tumanidagi sobiq shirkat xo‘jaliklaridan birida bosh hisobchi lavozimida ishlagan, shirkat xo‘jaligi tugatish komissiyasining a'zosi sifatida arxivga tez-tez qatnab turgan chog‘larida A.Mullayev bilan tanishib qolgandi.

K.Rasulov shu yil mart oyining o‘rtalarida arxivga o‘z ishi bilan boradi va farg‘onalik tanishi S.Toshqulov bilan ko‘rishadi. Tanishi kadastr hujjatlarini tayyorlatmoqchi bo‘lib, Farg‘ona shahrining Beshbola mahallasida yashovchi fuqarolarning hovli uylariga yer ajratib berilgani xususidagi qarorlar arxivdan chiqmayotganini, ulardan ko‘chirma olisholmayotganini aytadi. K.Rasulov “Arxiv direktori og‘aynim, ishlaringni hal qilishga yordam berishim mumkin. Ammo har bir fuqaro xizmat haqiga bir mln. so‘mdan berishi kerak”, deydi. S.Toshqulov ikki nafar fuqaroning hujjatlariga qo‘shib, 300 AQSh dollari keltirib beradi. K.Rasulov pullarni arxiv bo‘limi direktori A.Mullayevga berib qo‘yadi. Bir necha kun o‘tib, S.Toshqulov yana uch nafar fuqaroning pasportlari nusxalari va yana 400 AQSh dollari olib kelib beradi. K.Rasulov bu pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflaydi.

Orada S.Toshqulov Farg‘ona shahriga tutash sobiq bog‘dorchilik shirkat xo‘jaligidan yer olib uy qurgan fuqarolarga ham qarordan ko‘chirmalar tayyorlab berishni so‘raydi. “Ishtahasi karnay” bo‘lib borayotgan K.Rasulov o‘n olti nafar fuqaroning uy-joyiga chiqarilgan qarorlardan ko‘chirma nusxa olib berish uchun arxiv direktoriga 300 dollardan – jami 4800 AQSh dollari keltirib berishni talab qiladi. Undan avvalgi, beshbolalik fuqarolarning uy-joylariga qarorlardan ko‘chirmalarni ham hanuzgacha ololmagan S.Toshqulov huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiladi. So‘ng K.Rasulov bilan telefonda bog‘lanib, Yozyovonda ko‘rishadi. Unga maxsus ishlov berilgan 4800 AQSh dollari, fuqarolarning pasport nusxalarini beradi. Jinoyat ustida ushlangan K.Rasulov ushbu pullarni arxiv direktoriga berish uchun olganini aytib, ixtiyoriy ravishda tadbirda ishtirok etadi. Direktor bilan telefonda bog‘lanadi. Kelishilgan joyda undan pullarni olgan A.Mullayev ham jinoyat ustida ushlanadi.

Sud hukmi bilan A.Mullayev hamda pora olishida vositachilik qilgan K.Rasulovga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top