14:02 / 27.11.2016
13442

Hill: Klinton Obama bosim o‘tkazgachgina saylovdagi mag‘lubiyatini tan olgan

Foto: AP

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod bo‘lgan Xillari Klinton 8 noyabrdagi saylovlardagi mag‘lubiyatini unga Barak Obama tomonidan bosim o‘tkazilgachgina tan olgan. Bu haqda vashingtonlik jurnalistlar Jonatan Allen va Emi Parnsning AQShdagi joriy prezidentlik saylovlari haqidagi yangi kitobida aytilgan. Kitob hali sotuvga chiqmagan.

Kitobning qisqacha mazmuni haqidagi maqolani AQSh kongressi faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan The Hill nashri chop etdi. Kitob mualliflaridan biri – Parns shu nashrning muxbiri bo‘lib ishlaydi.

Jurnalistlar Klinton atrofidagi uch nomi aytilmagan vakilga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, Klinton saylov shtabi ovoz berish uning foydasiga hal bo‘lishini oxirigacha kutgan. Demokratlar taraf hisoblangan Pensilvaniya shtatining ham Donald Trampga ovoz bergani haqidagi xabar ushbu masaladagi "hal qiluvchi nuqta" bo‘lgan. 

Maqolada ta'kidlanishicha, Obama Klintonga telefon qilib, "mag‘lub bo‘lganini tan olishi kerakligini" aytgan.

Bu orada Klinton maslahatchilari saylov uchastkalari yopilib, Tramp g‘alaba qozonishi ozmi-ko‘pmi ma'lum bo‘lib qolgandan keyin buni qilishga shoshmaganlar. Klinton saylov shtabi boshlig‘i Jon Podesta dastlab Klinton tarafdorlarini uxlashga yotib, natijalarning yakuniy hisob-kitobini kutishga chaqirgan. Biroq Podestaning bu chiqishidan keyin Klinton mag‘lubiyatini tan olishni cho‘zishga chek qo‘ygan. Nashrning yozishicha, Obamaning qo‘ng‘irog‘i barchasini o‘zgartirgan. Klinton o‘z alamini yashirmay yordamchilariga "Menga telefonni bering! Unga qo‘ng‘iroq qilaman", deb aytgan.    

So‘ngra u Trampga telefon qilib, o‘z mag‘lubiyatini tan olgan va shu kuni hech qanday bayonot bermagan. Klinton saylovlarning ertasiga qizg‘in nutq so‘zlab, "Donald Tramp bizning prezident bo‘ladi. Unga bizning yetakchimiz bo‘lishga imkoniyat berish bizning burchimizdir", deb aytgan. Klinton o‘z mag‘lubiyati haqida quyidagilarni aytgan: "Bu iztiroblidir va yana uzoq vaqt shunday bo‘lib qoladi. Biroq men Amerikaga ishonaman va har doim ishonib qolaman. Agar siz ham ishonsangiz, unda bu natijani qabul qilib, kelajakka boqishingiz kerak".

Top