10:01 / 28.11.2016
4755

Yaponiya Mudofaa vazirligi tarmoqlari noma'lum xakerlar tomonidan buzib kirildi

Foto: EPA

Yaponiya mudofaa mahkamasi va mamlakatning o‘zini-o‘zi mudofaa qilish Kuchlari kompyuter tizimlari noma'lum xakerlar tomonidan buzib kirildi. Kyodo News agentligining xabar berishicha, kiberhujum natijasida ma'lumotlar sizib chiqqan bo‘lishi mumkin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, asosiy hujum o‘zini-o‘zi mudofaa qilish Kuchlarining turli bo‘linmalari orasida ma'lumot alishish tizimiga uyushtirilgan. U ikki qismdan iborat bo‘lib, xavfsizlik maqsadida alohida ishlatiladi. Biroq, jinoyatchilar ular o‘rtasidagi aloqa kanallarini buzishga muvaffaq bo‘lishgan. 

Mahkamada fikr bildirilishicha, tarmoqqa ruxsatsiz kirish vazirlikning milliy mudofaa akademiyasi va tibbiy kollejida o‘rnatilgan kompyuterlar yordamida amalga oshirilgan. 

Kiberhujum oqibatlarini baholagan mutaxassislarning fikricha, bu ish o‘ta professionallar tomonidan amalga oshirilgan. Ular ortida xorij davlati turgan bo‘lishi ham mumkin. Ayni damda mahkamada xavfsizlik choralari kuchaytirilib, o‘zini-o‘zi mudofaa qilish Kuchlari xodim va xizmatchilariga internetga kirish taqiqlab qo‘yildi.

Top