20:02 / 28.11.2016
3624

Yevgeniy Sloboda: “O‘zbekistonda saylov kampaniyasi xalqaro standartlar bo‘yicha ochiq va oshkora o‘tmoqda”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun xalqaro kuzatuvchilar, xalqaro tashkilotlar vakillari, yetakchi ekspertlar mamlakatga kelmoqda. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

“O‘zbekistonda Prezident sayloviga doir qonunchilik asoslari takomillashtirilib, fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida ma'lum o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganidan xabardormiz, – dedi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Yevgeniy Sloboda. – 2015 yil dekabrda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq saylovoldi tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullari yanada aniqlashtirilgan. Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lolmaydigan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega bo‘ldi. Qonunda siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishi, o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining besh foizidan bir foiziga qisqartirildi”. 

Ekspert Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha saylovoldi tashviqotlari o‘tkazilgani, keng miqyosda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonun, unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, saylov kampaniyasining mazmun-mohiyati tushuntirilgani, mavzuga oid targ‘ibot tadbirlari, davra suhbati, seminar, uchrashuv va konferensiyalar tashkil etilgani, ommaviy axborot vositalari orqali maqola, eshittirish va ko‘rsatuvlar e'lon qilib borilayotgani, turli targ‘ibot materiallari tarqatilganini alohida qayd etib o‘tgan.

“Bir necha viloyatlarda, ko‘plab saylov uchastkalarida bo‘ldik. Kuzatuvlarimga asoslanib ishonch bilan aytishim mumkinki, mamlakatingizda saylov kampaniyasi qonun doirasida, xalqaro standartlar bo‘yicha ochiq va oshkora o‘tmoqda. Saylovchilarning Prezidentlikka nomzodlarning dasturi bilan tanishishi, o‘zlari xohlagan nomzodga ovoz berishi, o‘z huquqlaridan foydalanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan”, deydi Yevgeniy Sloboda.

 

Top