14:33 / 28.11.2016
8876

Shavkat Mirziyoyev Kuba xalqiga hamdardlik bildirdi

Foto: UzReport.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Kuba Respublikasi Davlat Kengashi va Vazirlar Kengashi Raisi Raul Modesto Kastro Rusga mamlakatni bir necha o‘n yil davomida boshqargan atoqli siyosat va davlat arbobi Fidel Alexandro Kastro Rusning vafoti munosabati bilan Kuba rahbariyati va butun xalqiga samimiy dalda va ta'ziya izhor etilgan maktub yo‘lladi. Maktub matni O‘zbekiston TIV saytida keltirilgan.

«Kuba yo‘lboshchisi o‘z vatanining haqiqiy va sodiq vatanparvari sifatida, bugungi Kubaning asoschi-otasi sifatida tan olingan, Kuba davlatchiligiga mustahkam poydevor o‘rnatgan, mamlakat mustaqilligi va suverenitetini himoya qilishda mardlik va qat'iylikni namoyon qilgan», deyiladi maktubda.

«Kuba xalqining mustahkam irodasi va ozodlikka intilishi, o‘z taraqqiyot yo‘lini saqlab qolishdagi qat'iy jasorati, hech mubolag‘asiz, ushbu tarixiy shaxs nomi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Fidel Kastro har doim O‘zbekiston va Kuba o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, hamkorlik va o‘zaro hurmat tarafdori bo‘lgan.

Kuba yo‘lboshchisining O‘zbekistonga tashrifini, respublika bo‘ylab safari va unutilmas do‘stona uchrashuvlarini o‘zbekistonliklar yaxshi eslashadi.

Biz erksevar Kuba xalqining dard va qayg‘usiga sherikmiz», - deb yozilgan O‘zbekiston rahbarining maktubida.

Top