19:27 / 29.11.2016
26679

Futbol tarixining qayg‘uli sahifasi: Samoga sochilgan yulduzlar

29 noyabr kuni ertalab futbol olamida noxush xabar tarqaldi. Kopa Sudamerikano finalida ishtirok etish uchun Kolumbiyaga parvoz qilgan «Shapekoense» jamoasi futbolchilari mingan samolyot Medelin shahri yaqinida, aeroportga 50 km masofa qolganida qulab tushdi. Samolyot bortida bo‘lgan 72 yo‘lovchi va 9ta ekipaj a'zosi, jami 81 kishidan 5 nafari omon qoldi. Ulardan uch nafari futbolchilar bo‘lib chiqdi. Tribuna.Uz futbol tarixidagi mash'um aviahalokatlarni yodga olishga qaror qildi.

«Torino». 1949 yil, 4 may

O‘tgan asrning 40-yillari Turin klubi hamshahari «Yuventus»dan kuchliroq sanalardi. Nafaqat shaharda balki, Italiyada «Torino» eng kuchli jamoa hisoblanardi. Halokatgacha Italiya chempionatida ketma-ket to‘rt marta chempionlikni tantana qilgan turinliklar fojia sodir bo‘lgan vaqtda ham ta'qibchisidan to‘rt ochko ilgarilab ketgan holda peshqadamlik qilayotgandi.

Mash'um voqea 1949 yilning 4 may kuni, jamoa Lissabondan, mahalliy «Benfika»ga qarshi o‘yindan so‘ng (3:4) ortga qaytayotganida sodir bo‘lgandi.

Fiat G.212CP rusumli samolyot bortida 18 nafar futbolchi, shuningdek klub rahbariyati va bir qator jurnalistlar – jami 31 kishi bor edi. Samolyot yoqilg‘i to‘ldirish uchun Barselonada to‘xtab o‘tganida, «Torino» futbolchilari chempionatdagi raqiblari — «Milan» futbolchilari bilan ko‘rishib suhbatlashishga ham ulgurishadi. O‘shanda bu jamoalarning so‘nggi yuzma-yuz ko‘rishishlari ekanini kim ham bilibdi deysiz...

Samolyot Torinodan unchalik uzoq bo‘lmagan hududda qulagan. Uchuvchilar juda qalin tuman tushishi natijasida yo‘nalish chegarasi va mo‘ljalini yo‘qotib qo‘yishadi. Natijada, samolyot shahar yaqinidagi katoliklar Bazilikasiga (qadim va o‘rta asrlar arxitekturasida: ichki qismi qator ustunlar bilan bir necha qismga bo‘lingan bino) urilib ketadi. Muvozanatni yo‘qotgan avialayner katta tezlikda yerga uriladi. Samolyot bortida bo‘lgan barcha halok bo‘ladi. Klub safida yagona tirik qolgan futbolchi Lauro Toma bo‘lib, u Lissabonga jarohati sabab bora olmagandi. Mazkur voqeadan keyin shu kungacha «Torino» faqat bir martagina mamlakat chempioni bo‘ladi. Bu dahshatli halokatdan keyin jamoa haligacha o‘ziga kelmaganini anglatib turibdi.

«Manchester Yunayted». 1958 yil, 6 fevral

1958 yilning fevrali nafaqat futbol, balki butun sport olamidagi eng katta yo‘qotishlardan biri sifatida tilga olinadi. Garchi Torinodan ko‘ra yo‘qotishlar kamroq bo‘lganiga qaramay, bu voqea shov-shuvi ancha baland bo‘lgandi.

British European Airways kompaniyasi bortida «Manchester Yunayted» futbolchilarini olib ketayotgan samolyoti sobiq Yugoslaviya poytaxti Belgraddan qaytayotganida yoqilg‘i to‘ldirib olish maqsadida Germaniyada, Myunxenda to‘xtab o‘tadi. Ammo bu laynerning so‘nggi bor muvaffaqiyatli qo‘nishi edi. Samolyot birinchi bor ko‘tarilishga uringanida chap dvigatelda chiqqan nosozlik parvozga xalaqit beradi. Ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz chiqadi. Uchinchi urinishda kuchli qor yog‘ishi natijasida tezligini yo‘qotgan laynerning chap qanoti aeroport yaqinidagi uylarning biriga uriladi. Bortda bo‘lgan 45 nafar yo‘lovchidan 24 kishi tirik qoladi. Omon qolganlar orasida jamoa bosh murabbiyi Mett Basbi va o‘sha paytlarda hali juda yosh bo‘lgan, 1966 yilgi «Oltin to‘p» sohibi Bobbi Charlton ham bor edi.

«Basbi bolalari» nomi bilan tanilgan (klubning o‘rtacha yoshi 22 yoshni tashkil qilgan) klub 1957 yilda Angliyada chempion bo‘ladi. Belgradda jamoa Chempionlar Kubogi yarim finalini o‘ziga naqd qilib ortga qaytgandi. Ammo mazkur voqea jamoaga bu sovrinni qo‘lga kiritishga yo‘l qo‘ymadi. O‘shanda omon qolganlar dafn marosimi vaqtida marhumlar boshida tik turib, bitta gapni bot-bot takrorlashgandi: «bu lan'ati kubokni albatta yutamiz. Siz uchun yutamiz!». Albatta bu va'dani bajarish uzoq muddat talab qildi. 1968 yilda «MYu» chempionlar kubogi finalida «Benfika»ni 4:1 hisobida yengib bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. O‘yinda ikkita golni Bobbi Charlton kiritgandi. Jamoa bosh murabbiyi esa o‘sha afsonaviy Mett Basbi edi.

«Strongest» (Boliviya). 1969 yil.

1969 yilda Boliviya poytaxti La-Pasga qaytayotgan mamlakatning eng keksa jamoalaridan biri «Strongest» futbolchilari And tog‘ yonbag‘irlarida halokatga uchrashadi. Bortdagi barcha odam halok bo‘ladi.

Keyinchalik klubga yordam berish maqsadida juda ko‘plab futbol klublari tashrif buyuradi. Argentina va Braziliya jamoalari xayriya uchrashuvlari tashkil qilishadi. Chipta savdosidan tushgan pul yordam ko‘rsatish fondiga o‘tkaziladi. Jamoani ilgariroq tark etgan barcha futbolchilar klub qad rostlab olishi uchun ortga qaytishadi.

«Paxtakor» 1979 yil. 11 avgust.

O‘zbek futboli tarixidagi eng noxush voqea sifatida haligacha eslanadigan halokatga bu yil yozda 37 yil to‘ldi. 11 avgust klub tarixida qora harflar bilan bitilgan. Tu-134 samolyoti orqali Minskka Sobiq Ittifoq chempionatining navbatdagi tur uchrashuvida mahalliy «Dinamo» jamoasiga qarshi uchrashuvga jo‘nab ketayotgan samolyot kutilmaganda Ukrainaning Dneprodzerjinsk shahri tepasida 8400 km balandlikda shu yo‘nalishga kirib qolgan samolyot bilan to‘qnashib ketishi natijasida halokatga uchraydi. Narigi samolyot Chelyabinskdan Moldovaga, Kishinyovga parvoz qilayotgandi.

Fojia natijasida naq 178 nafar odam (94 nafari Moldova, 84 nafari Belarus samolyoti bortida bo‘lgan) vafot etadi. Ularning orasida O‘zbek futbolining haqiqiy yulduzlari «Paxtakor»ning 17 o‘g‘loni ham bor edi.

Mazkur fojiadan keyin ittifoq futbol uyushmasi jamoaga yordam berish maqsadida bir qator futbolchilar Toshkent jamoasiga o‘tishiga xizmat qiladi. Shuningdek, jamoa natijalaridan qat'i nazar 3 yil mobaynida oliy ligadan pastga tushib ketmasligi belgilab qo‘yiladi.

«Alyantsa Lima» (Peru). 1987 yil

1987 yilda Peru chempionatining eng muvaffaqiyatli jamoalaridan biri «Alyantsa Lima»ning futbolchilari, murabbiylar va klub ishchilari bilan birga uchgan samolyot Lima aeroportiga yetishga bor-yo‘g‘i 6 kilometr masofa qolganida Tinch okeaniga qulab tushadi. Qanchalik aqlbovar holat bo‘lmasin, o‘sha voqea natijasida layner bortida bo‘lganlardan biri tirik qoladi. U ham samolyot uchuvchisi bo‘lib chiqadi.

Surinam terma jamoasi. 1989 yil

1989 yilda Surinam poytaxti Paramaribodan uchgan samolyotda 23 nafar niderlandiyalik futbolchilar halokatga uchrashadi. Asli kelib chiqishi surinamlik bo‘lgan jamoa Janubiy Amerikaga, o‘zlarining tarixiy vatanlari sharafini o‘rtoqlik uchrashuvida himoya qilishga yo‘l olishgandi.

Aynan mana shu tragediya o‘z davrida Niderlandiya terma jamoasi va Londonning «Arsenal» klubi yetakchi yulduzi bo‘lgan Dennis Bergkampni «uchmas golland»ga aylantirib qo‘ygandi. O‘sha reysda Dennisning «Ayaks» akademiyasida birga tahsil olgan juda ko‘plab do‘stlari joy olgandi. Bu voqea Bergkampga juda qattiq ta'sir ko‘rsatdi. Futbolchi keyingi faoliyatida deyarli samolyotlarda parvoz qilmadi. O‘yinlarga yetib borish uchun yer va daryo transportidan foydalanardi. Yoki shunchaki uzoq yo‘llarga chiqishni rad etib qo‘ya qolardi.

Zambiya terma jamoasi. 1993 yil.

1993 yilda Gabon yaqinida, Atlantika okeaniga 18 nafar Zambiya terma jamoasi futbolchilari bo‘lgan samolyot qulab tushadi. Ular o‘shanda 1994 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida Senegal terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazish maqsadida Dakarga qarab yo‘l olishgandi. Halokat natijasida omon qolganlar bo‘lmadi.

2012 yilda Zambiya Afrika millatlar kubogida zafar quchdi. Jamoa kubokni ko‘tarish uchun maxsus yasalgan shohsupaga chiqarkan, futbolchilar g‘alaba19 yil oldin qurbon bo‘lgan vatandoshlar xotirasiga bag‘ishlangani ko‘rsatilgan bannerni qo‘lida tutib turardi.

Futboldan tashqari sportning boshqa turlarida ham shu kabi noxush holatlar kuzatilgan. Bunga misol qilib 1961 yil 18 fevralda jahon chempionatiga yo‘l olgan  18 nafar amerikalik figurali uchuvchilar bo‘lgan samolyot halokatini eslab o‘tish mumkin. Yaqin o‘tmishda esa 2011 yilning 7 sentabrida Tunoshna aeroportidan parvoz qilgan, bortida Yaroslavlning «Lokomotiv» xokkey klubi a'zolari bo‘lgan Yak-42 Minskka «Dinamo»ga qarshi uchrashuvda ishtirok etish uchun yo‘l olganida halokatga uchraydi. Halokat natijasida ekipajning birgina a'zosi tirik qoladi. 45 kishi halok bo‘ladi. Mo‘'jiza tufayli voqea joyida joni omon qolgan xokkeychi Aleksandr Galimovning hayotini saqlab qolish uchun esa shifokorlar uzoq vaqt kurash olib borishadi va ammo uning jarohatlari hayotga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Top