10:03 / 29.11.2016
4892

Tailandda yangi qirol taxtga ko‘tarilmoqda

Foto: © EPA

Tailand hukumati yangi qirolni taxtga ko‘tarish jarayonini boshladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Pravit Vongsuvan ma'lum qilgan.

Valiahd Maxa Vachiralongkornning taxtga chiqishi haqidagi qaror vazirlar mahkamasi tomonidan qabul qilindi. “Shundan so‘ng parlamentdagi tegishli jarayonga kirishiladi”, - dedi Vongsuvan. Uning ta'kidlashicha, valiahdning hokimiyatni rasman qabul qilishi bir-ikki kun ichida amalga oshishi kutilmoqda.

An'anaga muvofiq, parlament raisi valiahdni Rama IX ning o‘limidan so‘ng bo‘shab qolgan taxtga ko‘tarilishiga chaqirishi lozim.

Tailand qiroli Pumipon Adulyadet 13 oktabr kuni 88 yoshida vafot etdi. O‘sha kuniyoq parlamentning tezkor sessiyasi o‘tkazilib, unda assambleya rahbari valiahdni taxtga chiqishiga chaqirishi lozim edi. Biroq sessiya to‘qqiz daqiqalik sukut bilan yakuniga yetgan. Bosh vazir Prayut Chan-Ocha esa valiahdning o‘zi rasmiy jarayonni amalga oshirishda shoshmaslikka chaqirgani haqida ma'lum qildi. Bunday holatda Tailand qiroli huzuridagi Maxfiy kengash rahbari, 96 yoshli Prem Tinsulanon muvaqqat podshoga aylandi.

Qirol Pumipon Adulyadetning taxtni o‘zining yagona o‘g‘liga qoldirish qarori esa 2002 yildayoq qabul qilingan.
 

Mavzuga oid
Top