14:52 / 29.11.2016
9123

Video: Aviahalokatga uchragan braziliyaliklar jamoasi 5 kun oldin final yo‘llanmasini nishonlamoqda

Braziliyalik jurnalist Andres Felipe Arkos o‘z tvitteriga «Shapekoense» jamoasi kiyim almashtirish xonasida 5 kun oldin olingan videoni joylashtirdi.

Videoda braziliyaliklar Kopa Sudamerikano turniri yarim finalining javob uchrashuvida «San-Lorenso» jamoasi bilan durangdan keyin final yo‘llanmasi qo‘lga kiritilganini nishonlayotganini ko‘rish mumkin.

29 noyabrga o‘tar kechasi Boliviyadan Kolumbiyaga uchib kelayotgan va bortida 81 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot quladi. Yo‘lovchilar orasida Braziliyaning «Shapekoense» klubi futbolchilari bo‘lgan.

«Shapekoense» futbolchilari 1 dekabr kuni Kopa Sudamerikano musobaqasi doirasida Kolumbiyaning «Atletiko Nasonal» klubiga qarshi maydonga tushishi kerak bo‘lgan. Halokat oqibatida 75 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Ular orasida jamoaning safar o‘yinini yoritish maqsadida safarga chiqqan o‘ndan ortiq jurnalistlar ham bor edi. 3 futbolchi omon qolgan. 

Kolumbiyaliklar klubi raqib jamoa futbolchilarining yaqinlari va oila a'zolariga hamdardlik bildirdi.

Kopa Sudamerikano Janubiy Amerika mintaqasi klublari o‘rtasidagi Kopa Libertadores turniridan keyin nufuzi jihatdan ikkinchi o‘rinda turadigan musobaqa hisoblanadi.

«Shapekoense» 20 jamoa ishtirok etadigan Braziliya A seriyasida 37-turdan keyin 9-o‘rinni egallab turgandi.

Top