15:41 / 30.11.2016
4315

Abdulaziz Komilov ShHT Bosh kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV saytida ma'lum qilindi.

Rashid Alimov 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun ShHT Kuzatuvchilar missiyasiga bosh bo‘lib O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

Suhbat chog‘ida tashkilotga a'zo davlatlar va ShHT Kotibiyati vakillaridan iborat Kuzatuvchilar missiyasi faoliyatining amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, ShHTni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari hamda iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Davlat rahbarlari kengashi qarorlarining ijro jarayoni ham muhokama qilindi.

2001 yilda tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. 2015 yilda ShHTga Hindiston va Pokistonni qabul qilish jarayoni ishga tushgan. Armaniston, Ozarboyjon, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkor mamlakatlar hisoblanadi.

Top