23:38 / 02.12.2016
26981
Dunyoning eng boy odami suvsiz ishlovchi unitazga sarmoya ajratdi
Foto: Reuters

Dunyoning eng badavlat odami Bill Geyts va uning rafiqasi Melinda Geyts suvsiz ishlovchi unitazni yaratishga mablag‘ ajratishdi. Yangi texnologiya haqida Business Insider xabar bermoqda. Yangi ixtiro uchun 710 ming dollar ajratilgan.

Bu antiqa unitaz Krenfild universiteti olimlari tomonidan yaratildi. Ular bu unitazni nanomembran hojatxona deb atashdi. U shunday loyihalanganki, unitaz qopqog‘i yopilgandan keyin, uning jomi 270 gradusga aylanib, o‘zidagi barcha qoldiqlarni ostidagi idishga tashlaydi. So‘ngra qirg‘ich jomni yaxshilab tozalab chiqadi. Shundan keyin nanotolalar odam siydigining bir qismi hisoblangan suv bug‘ini unitaz ortidagi vertikal quvurga ko‘chiradi va bu bug‘lar u yerdan suv ko‘rinishida uning old qismiga tushadi. Bu suv gullarni sug‘orish yoki kir yuvish uchun yetarlicha toza hisoblanadi. Qoldiqlarning qattiq qismi batareykalarda ishlovchi mexanizm yordamida alohida kameraga tushadi va hidni bostiruvchi mum bilan qoplanadi va quriydi. Bir haftada bir marta maxsus xodim chiqindilarni olib ketadi va zarurat bo‘lganda batareykalarni almashtiradi.

Innovatsion unitaz minglab odamlar antisanitariya sharoitlarida yashaydigan va toza oqar suvga ega bo‘lmagan nochor hududlar uchun maxsus yaratilgan. "Suvsiz" hojatxonalar gigiyenik jihatdan toza va suvni tejashga imkon beradi. Yangi unitazlar Afrikada sinovdan o‘tkaziladi.

 

Top