18:19 / 02.12.2016
13074

O‘qishni ko‘chirish uchun pora talab qilgan o‘qituvchi jazoga tortildi

Quva pedagogika kollejining o‘quvchisi A.Xasanov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘qishini huquqshunoslik kollejida davom ettirmoqchi bo‘ladi, deb yozmoqda “Huquq” nashri.

Bu borada belgilangan qoidaga ko‘ra, kollej talabasining o‘qishini boshqa kollejga ko‘chirish masalasi Respublika Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 29 dekabrdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tarkibini takomillashtirish haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talabiga muvofiq, yozgi ta'til davrida ko‘rib chiqiladi. Arizalar o‘quvchilar o‘qiyotgan ta'lim muassasasiga tegishli hujjatlar topshirilgach, iyul oyining oxiriga qadar viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hududiy boshqarmasiga taqdim etiladi. Boshqarmada tashkil etilgan ishchi guruhi viloyat bo‘yicha arizalarni vakolat doirasida ajratadi va O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazida tashkil etilgan ishchi guruhiga yuboradi. O‘qishni ko‘chirish haqidagi o‘quvchilarning arizalarini O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi vakolati bo‘yicha ko‘rib chiqib, tegishli vazirliklarning xulosalari asosida quyi boshqarmalarga yuboradi va shu asosda o‘quvchilar o‘qishi boshqa ta'lim muassasiga o‘tkaziladi yoki o‘z joyida o‘qishni davom ettirishadi. 

O‘quvchi A.Xasanovning qarindoshlari M.Mardonova va I.Yorqulova yil boshida Farg‘ona huquqshunoslik kollejiga kelishadi. Qabulxona kotibasiga pedagogika kollejida o‘qiyotgan jiyanlari Asliddinning o‘qishini ushbu huquqshunoslik kollejiga ko‘chirishga yordam berishini so‘rashadi. Kotiba bu masala bo‘yicha Risolatxon opaga murojaat etasizlar, deya ularni uchrashtirib qo‘yadi. R.Raimova bu boradagi qonun-qoidani tushuntirish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish o‘rniga o‘qishni ko‘chirishning “chiqimi” borligini, uzog‘i bilan shu yilning 15 may kunigacha hal qilib berishi mumkinligini aytadi. M.Mardonova va I.Yorqulova bir necha bor R.Raimova bilan ko‘rishishadi. So‘nggi bor uchraganlarida u o‘qishni ko‘chirish uchun 1200 AQSh dollari berishlarini talab qiladi.

M.Mardonovaning jiyanining o‘qishini ko‘chirish uchun pora talab qilgan o‘qituvchiga qonuniy chora ko‘rish haqidagi arizasi asosida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona huquqshunoslik kollejining o‘qituvchisi, qirq olti yoshni qoralagan Risolatxon Raimova 1200 AQSh dollari miqdorida pora olganida ushlangan.

Sud majlisida R.Raimovaning aybi qisman iqrorligidan tashqari guvoh va xolislarning ko‘rsatmalari, inkor etib bo‘lmas dalillar bilan tasdiqlandi va unga qilmishiga muvofiq jazo tayinlandi.

Mavzuga oid
Top