16:39 / 04.12.2016
9073
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uyushqoqlik bilan o‘tmoqda

Andijon viloyatida tashkil etilgan 773ta saylov uchastkalari erta tongdanoq saylovchilar bilan gavjum bo‘ldi. Ro‘yhatga olingan 1 851 256 nafar saylovchi o‘z konstitutsion  huquqini ro‘yobga chiqarmoqda. 

Barcha saylov uchastkalarida saylovchilar uchun zarur sharoitlar  yaratilgan. Prezidentlik saylovlarida ovoz berish jarayonining demokratik talablar asosida o‘tishi ta'minlanmoqda.

Viloyatdagi 14, 38, 25, 29 va 16-saylov uchastkalarida bo‘lganimizda  fuqarolarni muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etayotganiga guvoh bo‘ldik.         

Andijon shahridagi politexnika kasb-hunar kolleji binosida joylashgan 14-saylov uchastkasida shaharning Mustaqillik va Hamid Qodirov mahallalarida yashovchi 2995 nafar saylovchi ro‘hatga olingan. “Yoshim 63da, erta tongda kelib, yurtimiz kelajagi va farovonligi uchun o‘zim tanlagan nomzodga ovoz berdim”, - deydi Maxpiratxon ona Abdulnabiyeva.

Viloyatdagi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qismga joylashgan 16-saylov uchastkasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolari o‘z  saylov huquqlaridan foydalanib, ovoz berishmoqa. “Vatan deya atalmush zaminni tinchligi yo‘lida o‘z kuch-qudratimni sarflash niyatimdir, -  deydi oddiy askar Muhiddin G‘oyimov. – Bugun  yurtimiz farovonligi, tinchlik, osoyishtaligimiz barqarorligi uchun bel bog‘lagan nomzodga o‘z ovozimni berayotganimdan, mana shunday muhim siyosiy jarayonda mening ishtirokim muhim ahamiyatga ega ekanligidan juda xursandman”, - deydi saylovchilardan biri.

Viloyatda 52 mingdan ziyod yo‘nalishdagi “Damas” avtomashinalari va taksilar saylovda ishtirok etuvchi aholiga bepul xizmat ko‘rsatmoqda.  

muxbir Elmurod Ermatov, Andijon

Top