23:02 / 04.12.2016
68357

Saylov yakunlandi. Natijalar qachon?

O‘zbekistonda prezident saylovida ovoz berish jarayoni yakunlandi. Endilikda, komissiya a'zolari ovozlarni hisoblashga kirishishgan. Saylovchilar esa natijalarni kutmoqda.

Ovoz berishlar to‘xtatilgan soat 20:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti saylovida ovoz bergan saylovchilar soni 17 million 941 ming 955 nafarni yoki ro‘yxatga olingan barcha fuqarolarning 87,83 foizini tashkil etdi.

Saylov uchun O‘zbekistonda 9383ta saylov uchastkasi ochilgan. Xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun esa 44ta saylov uchastkasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayni vaqtda xorijdagi saylov uchastkalarining 27tasida ovoz berishlar yakunlandi. Shu bilan birga O‘zbekistonning xorij mamlakatlarida joylashgan qator saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda.

Avval aytilganidek, saylovning dastlabki yakunlari 5 dekabr, dushanba kuni e'lon qilinadi.

«Ertaga, 5 dekabr kuni soat 16:00 da o‘tkaziladigan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari e'lon qilinadi», — degan Markaziy saylov komissiyasi raisi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan matbuotda e'lon qilinadi. Lekin odatda saylov natijalari saylov o‘tgandan so‘ng 1 sutka ichida e'lon qilinadi.

Saylov natijalari rasman e'lon qilingach, 2 oy ichida yangi prezident inauguratsiyasi tashkil etiladi. Davlat rahbari har biri 5 yil muddatdan ikki marotabadan ortiq saylana olmaydi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovida 4 nomzod – O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Sarvar Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Xatamjon Ketmonov, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov ishtirok etdi.

Top