14:57 / 05.12.2016
4032

Xitoylik uchuvchi yo‘lovchilarni norozilikka chaqirgani uchun ishdan chetlatildi

Foto: Globallookpress.com

Xitoyning Lucky Air aviakompaniyasi uchuvchisi yo‘lovchilarni reysni qoldirishga qarshi norozilik qilishga chaqirgani uchun ishdan chetlatildi. Bu haqda The Journal.ie portali xabar bermoqda.

Voqea seshanbaga o‘tar kechasi ro‘y bergan bo‘lib, layner Sishuanbann-Day muxtor okrugidagi aeroportdan Kunmin shahriga uchishi lozim edi. 

Belgilangan vaqtdan taxminan yarim soatlar o‘tib nomi oshkor etilmayotgan uchuvchi reysning parvoz vaqti kechiktirilayotgani haqida ma'lum qilgan. Uning aniqlik kiritishicha, samolyot o‘rniga boshqa yirikroq aviakompaniyaning layneri uchirilishi kerak bo‘lgan. 

“Men juda g‘azabdaman. Iltimos, samolyotdan chiqinglar. Kelinglar aeroportga bosim o‘tkazamiz – o‘zingizning norozi ekanligingiz haqida ayting”, - deya yo‘lovchilarga murojaat qilgan erkak. Ba'zi bir yo‘lovchilar bunday maslahatga amal qilib, uchish maydoniga chiqishgan va vaziyatga oydinlik kiritishni talab qilib qichqirishgan. Ba'zi bir sayohatchilar esa bu paytda selfi qilish bilan band bo‘lishdi.

Oradan uch soat o‘tib havo kemasi parvoz qilgan. Shu bilan bir qatorda, ba'zi bir yo‘lovchilar bortga qaytishni istamay, aeroportda qolishgan. 

Lucky Air hodisani tekshiruvdan o‘tkazib, uchuvchini ishdan chetlatdi. Reysni vaqtinchalik kechiktirish uchuvchi va aeroport vakillari o‘rtasidagi tushunmovchilik sabab ro‘y bergan, deb voqeaga aniqlik kiritgan aviatashuvchi xodimlari.

Mavzuga oid
Top