22:47 / 06.12.2016
18235

2016 yil siyosiy yakunlari bir fotoda: "faqatgina Merkel qoldi"

Foto: White House/Public Domain

2016 yil 25 aprelda AQSh prezidenti va Italiya, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlari Gannoverda G5 sammitida uchrashib, xalqaro siyosatning turli masalalarini muhokama qilishgan. 4 dekabrda Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi iste'foga ketishini e'lon qilgandan keyin o‘sha tadbirdan olingan surat juda ommalashib ketdi, OAV esa uni "2016 yildagi siyosiy tartibsizlikning natijasi" deb nomladi hamda shu 5 yetakchidan faqatgina Angela Merkelgina o‘z lavozimida qolganini ta'kidlab o‘tdi. 

Suratda Germaniya kansleri Barak Obama, Fransua Olland, Devid Kemeron va Matteo Rentsi qurshovida turibdi. Mashable’da aytilishicha, suratda kulimsirab tushgan siyosatchilar bir necha oydan keyin ularni nima kutishini hali bilmaganlar.

Iyunda Buyuk Britaniya aholisi mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi uchun ovoz berganidan keyin Kemeron iste'foga ketdi. Noyabrda esa AQShda yangi prezident saylandi va Barak Obama endi tarixga ketadi. 1 dekabrda Olland 2017 yilda o‘tadigan Fransiyadagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishdan voz kechdi. 4 dekabrda esa Italiyada konstitutsion referendumdan keyin Rentsi ist'yefoga ketishini ma'lum qildi.

O‘sha sammitdagi ishtirokchilardan faqatgina Merkel o‘z o‘rnida qolishi mumkin: u 2017 yilda o‘tadigan Germaniya kansleri saylovlariga o‘z nomzodini qo‘ydi. Agar u g‘alaba qozonsa, bu uning ushbu lavozimdagi 4-muddati bo‘ladi.

OAVning ta'kidlashicha, bu surat G‘arbni kelgusida kutayotgan o‘zgarishlarni timsollaydi. Mashable nashrining fikricha, 2016 yil "isteblishmentga qarshi" siyosat borligini ko‘rsatdi va Yevropaning 4 ta yirik davlati rahbarlaridan faqatgina Merkelni "so‘nggi qolgan g‘arb yetakchisi" deb atash mumkin.

Ushbu surat Rentsi iste'foga ketgandan keyin yodga olingan, bu siyosatchilar birgalikda tushgan yagona surat emas. Tvitterda shuningdek 2015 yil iyunida Germaniyada G7 sammitida olingan surat ham ommalashib ketdi.

Mavzuga oid
Top