14:52 / 06.12.2016
6160

Xitoy sudi erni xotinidan qo‘riqlash bo‘yicha buyruq berdi

Pekin shahri sudi o‘z tarixida birinchi marta erni xotinidan qo‘riqlashga doir ko‘rsatma berdi. Endilikda, erini doimo kaltaklab kelgan ayol turmush o‘rtog‘iga 200 metrdan yaqin yo‘lay olmaydi, deb yozmoqda China Daily gazetasi.

Er-xotin 2014 yildan nikohda istiqomat qiladi, erning ta'kidlashicha, ular mayda-chuyda narsa uchun doimo janjallashishadi. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, xotini uni dastlab may oyida, so‘ngra noyabrda yangi tug‘ilgan qizining ko‘z o‘ngida yana do‘pposlagan. O‘tgan chorshanba, 30 noyabr kuni jabrdiyda er politsiya mahkamasidan hujjatlarni, tibbiy ma'lumotnomani olib Pekin sudlaridan biriga murojaat qilgan. 

Shundan so‘ng, sud erkakni xotinidan himoya qilish maqsadida ayolga turmush o‘rtog‘iga tahdid qilish, uning xotirjamligini buzish yoki zarar yetkazishni taqiqlagan. Bundan tashqari, aybdor ayol eri yashayotgan xonadonni olti oyga tark etib, unga kamida 200 metrdan yaqinga yo‘lamasligi kerak. Ushbu ko‘rsatma buzilgan taqdirda ayol 15 kunga hibs qilinishi hamda ming yuan (143 dollar) jarimaga tortilishi mumkin. 

Sudning mazkur qarori oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash maqsadida mart oyida qabul qilingan qonun doirasida qabul qilingan. 

 

Top