17:26 / 06.12.2016
6513

KXDR xakerlari Janubiy Koreya harbiy tizimini buzib kirishdi

Foto: Reuters

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) xakerlari Janubiy Koreya harbiy kiberqo‘mondonlik tizimini buzib kirishdi. Bu haqda «Bi-bi-si» xabar bergan.

Janubiy Koreya harbiy mahkamasi matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, shimoliy koreyalik xakerlar guruhi KXDR kiberhujumlariga qarshi yaratilgan himoya tizimini chetlab o‘tib, ma'lumotlarni o‘g‘irlagan. “Aftidan harbiy kiberqo‘mondonlik serverlari turli salbiy dasturlar bilan zararlangan. Surishtiruv jarayonida ichida maxfiy ma'lumot bo‘lgan bir qator hujjatlar buzib kirilganiga duch keldik”, - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Xakerlar tomonidan qanday darajadagi ma'lumotlar o‘g‘irlangani noma'lum. Nashrning qayd etishicha, ular harbiy harakatlar rejalarini, shuningdek past maxfiylikka ega bo‘lgan ma'lumotlarni o‘marishgan bo‘lishi mumkin. Harbiy mahkama matbuot kotibi bu masala yuzasidan izoh bermadi.

Ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreyada kiberhujumga tayyorlangan minglab xodimlar bor. Bu haqda KXDRlik qochqin va informatika professori Kim Xun-Kvan aytib o‘tgan. Uning ma'lum qilishicha, shimoliy koreyalik xakerlar 2010 yildan beri amaliy dasturlash interfeyslariga (APIs) alohida e'tibor qaratgan holda ta'lim olishadi. Ular milliy infratuzilmalarni buzib kirishda qo‘llanilishi mumkin.

Top