14:38 / 07.12.2016
6995

YeChL anonsi. F guruhi kim birinchi, «Real» yoki «Borussiya»?

F guruhida ikkala o‘yinda ham aniq masalalarga oydinlik kiritiladi. Markaziy uchrashuvda guruh g‘olibi aniqlansa, Polshada esa Yevropa ligasi yo‘llanmasi o‘ynaladi. Tribuna.Uz guruhdagi oxirgi tur anonsini keltirgan.

Real Madrid – Borussiya D (00:45, Match! Futbol 1)
Bosh hakam: 
Shimon Marchinyak (Polsha).

Pley-off masalasini hal qilib olgan ikki jamoa endi o‘zaro o‘yinda guruhda kim g‘olib bo‘lishi masalasiga oydinlik kiritib olishi kerak. Dortmundda jamoalar bir ochkodan bo‘lishib olgandi. Bu safar ham durang natija nemislarni qanoatlantiradi.

«Real» bundan ikki kun oldin ham «Borussiya»ga qarshi uchrashuvni o‘ylayotgani yo‘q edi. Jamoa Ispaniya chempionatidagi eng prinsipial raqibga qarshi uchrashuva maydonga tushib, so‘nggi daqiqalarda kiritgan goli evaziga o‘zlari uchu qoniqarli natijaga erishdi. «Borussiya» esa «Legiya» bilan afsonaviy o‘yindan keyin, bundesligada boshqa bir «Borussiya»ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. Jarohatdan tuzalib safga qaytgan Marko Roys so‘nggi uchrashuvlarda jamoaning sermahsul o‘yinlarida asosiy rolni bajarmoqda.

Hozircha ikkala jamoaning shu kungacha o‘tkazgan o‘zaro o‘yinlarida 4 g‘alaba, 4 durang, 3 mag‘lubiyat bilan «Real» yetakchilik qilmoqda. To‘plar nisbati bo‘yicha ko‘rsatkich ham madridliklar foydasiga — 16-14.

«Real» tarkibida Garet Beyl uzoq muddatga safdan chiqqan. Alvaro Morata va Pepe umumiy guruh bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda va bugungi uchrashuvga tushish uchun tayyor bo‘lib turibdi. Ammo Toni Kroos ham mashg‘ulotlarda qatnashayotgan bo‘lishiga qaramay, Zidan uning to‘liq tiklanib olishiga xavf solib, tavakkalga bormasa kerak. «Borussiya» tarkibida Gerreyro, Marsel Shmeltser, Erik Durm jarohatidan forig‘ bo‘lgan. Ammo Sven Bender va darvozabon Roman Burki hamon jamoa lazaretida qolmoqda va bu uchrashuvni o‘tkazib yuborishadi.

Legiya – Sporting (00:45, Match! Nash sport)
Bosh hakam: 
Janluka Rochchi (Italiya)

Yevropa ligasi yo‘llanmasi o‘ynaladigan uchrashuvda mezbonlarni faqatgina g‘alaba qoniqtiradi. «Sporting» esa durang natija qayd etgan taqdirda ham bahorda yevrokuboklarga yana qaytishi mumkin bo‘ladi.

Chempionlar ligasida mag‘lubiyatiga qaramay, o‘yini bilan ko‘pchilikka manzur bo‘lgan «Legiya» Polsha ekstraklassasida so‘nggi turda durang natija qayd etdi. Bungacha uchta o‘yinda jamoa ketma-ket g‘alaba qozonib kelayotgandi.  «Sporting» esa Portugaliya superligasi so‘nggi uch turdan beri ochko yo‘qotgani yo‘q. Jamoalar shu kunga qadar uch marotaba ro‘baro‘ kelishgan bo‘lib, portugallar ikkita uchrashuvda zafar quchishgan. Bitta uchrashuvda durang natija qayd etilgan.

Polshaliklar eng kuchli tarkibdan foydalanishi kutilmoqda. «Sporting»da esa muammolar mavjud. Joao Pereyra diskvalifikatsi tufayli, Lyuk Kastaynos va Ezekiel Shelotto jarohati sabab lissbaonliklarga yordam bera olmaydi.

Top