07:26 / 07.12.2016
6205

Merkel nutqi 11 daqiqalik olqishlar bilan kutib olindi

Foto: DPA/ TASS

Germaniya kansleri Angela Merkelning u boshqaradigan "Xristian-demokratik ittifoq" partiyasining Essendagi yig‘ilishidagi nutqi partiya a'zolari tomonidan 11 daqiqa davom etgan guldiros qarsaklar bilan kutib olindi. Bu haqda The Huffington Post nashrining nemis versiyasi xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, kanslerning nutqi  77 daqiqa davom etgan. Merkel nutqini yakunlagach, ishtirokchilar unga 11 daqiqa qarsak chalishgan.

Merkel bu vaqt davomida yig‘ilganlarga minnatdorchilik sifatida qo‘lini silkitib qo‘ydi, sahnaning u yeridan-bu yeriga bir necha marta borib keldi, bir necha marta stulga o‘tirib-turdi, biroq "hech narsa foyda bermadi" – qarsaklar davom etaverdi.

Nashrning ta'kidlashicha, delegatlar shunchaki qarsak chalishni to‘xtatishni istashmagan, Merkel esa bu olqishlardan zavq olgan.

Nashrning eslatishicha, bu qarsaklar Merkel sha'niga chalingan deyarli eng uzoq davom etgan qarsaklar bo‘ldi. 2005 yilda Merkelga bundan ham uzoqroq vaqt – 13 daqiqa  qarsaklar chalingan.

Partiya shu tariqa o‘z yetakchisini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatishni istagan.

Ushbu qurultoyda Merkel partiyaning raisi sifatida qayta saylandi.

Mavzuga oid
Top