23:50 / 07.12.2016
24976

Shavkat Mirziyoyev: Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muallifi

O‘zbekiston respublikasining saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda ma'ruza qildi.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Vatanimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni nishonlash arafasida go‘zal va muhtasham “O‘zbekiston” anjumanlar saroyida sizlar bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman.

Barchangizga, butun xalqimizga o‘zimning cheksiz hurmat va ehtiromimni izhor etib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etishga ruxsat bergaysiz.

1992 yil 8 dekabrda mustaqil O‘zbekistonimiz Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

Konstitutsiyaning yaratilishi va hayotimizga tatbiq etilishida zamonamizning buyuk davlat arbobi, ulug‘ yo‘lboshchimiz, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xizmati beqiyos ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.

Xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va butun hayotini tubdan o‘zgartirgan ushbu muhim siyosiy hujjatni ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichning kontseptual ahamiyatga ega, teran fikrlari mustahkam zamin bo‘ldi.

Oliy Kengash deputati sifatida men ham Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida Bosh qomusimizni yaratish va qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etganimni doimo faxrlanib eslayman. Konstitutsiyamizning qanday qilib hozirgi mazmun va shaklga kelgani, bu murakkab jarayonda kechgan qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar bugungidek yodimda.

Haqiqatan ham, 90-yillardagi o‘ta og‘ir davrda Asosiy qonunimiz loyihasini ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichdek keng miqyosda, strategik fikrlaydigan, uzoqni ko‘ra oladigan buyuk siyosiy arbobning bu ishga rahbarlik qilgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Yosh davlatimiz endigina oyoqqa turib kelayotgan qaltis va nozik bir vaziyatda turli tor manfaatlar, mahalliychilik, separatizm va millatchilik kabi salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi.

Asosiy qonunimizda umume'tirof etilgan demokratik prinsiplar bilan birga, xalqimizning bebaho qadriyatlari va boy davlatchilik tajribasini ifodalash muhim edi.

Aynan Birinchi Prezidentimizning sa'y-harakatlari bilan Konstitutsiyamizda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yildi.

Muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Konstitutsiyamizning loyihasi bo‘yicha 1992 yil 8 dekabrda, Oliy Kengashning tarixiy sessiyasida so‘zlagan nutqida quyidagi fikrni alohida ta'kidlagan edilar:

“Biz so‘nggi yetmish yil mobaynida davlatga qaramlik va sig‘inish holatida yashadik. Mamlakatning, undagi barcha boyliklarning, mulkning egasi davlat, deb hisoblab keldik. Ana shu masalada ham Konstitutsiyada tub burilish yasalgan.

Ya'ni, Asosiy qonunimizga “davlat, uning idoralari va mansabdor shaxslari jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldirlar”, degan modda kiritilgan.

Endilikda inson, uning hayoti, ozodligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquq hamda erkinliklari muqaddas sanalib, ular davlat tomonidan kafolatlanadi”.

Birinchi Prezidentimizning ana shu fikrlari u kishining davlat, jamiyat va inson hayoti bilan bog‘liq har bir masalaga naqadar teran yondashganidan, shu asosda Konstitutsiyamizda eng murakkab savollarga ham javob topish mumkin ekanidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, Islom Karimovni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi, deb e'tirof etish uchun barcha asoslarga egamiz.

Qadrli do‘stlar!
Konstitutsiyamizda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolatidir.

O‘tgan davrda qabul qilingan 400 ga yaqin yaxlit qonunlar hayotimizning barcha sohalarini huquqiy tartibga solish bilan birga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Ayni vaqtda qonunlarning to‘liqligi, hayotiyligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish mexanizmlariga ega ekani haqida so‘z yuritganda, bu borada hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini ta'kidlash zarur.

Afsuski, hozirgi kunda qonunlarning islohotlar samarasiga ta'siri yetarlicha sezilmayapti. Ularning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli pastligicha qolmoqda.

Bu holat mamlakatimiz qonunchilik tizimiga fuqarolarimiz, tadbirkorlar, qolaversa, chet el investorlarining ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.

Aminmanki, hurmatli Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari bu masalaga jiddiy e'tibor qaratadilar.

Bu boradagi ishlarni tashkil etishda avvalambor qonun loyihalarini puxta va ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soladigan darajada ishlab chiqish, ayniqsa, idoraviy hujjatlarni keskin qisqartirish zarur, deb hisoblayman.

Shu o‘rinda Hukumatning parlament bilan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil sohasidagi hamkorligini yanada samarali tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisda doimiy asosda faoliyat ko‘rsatadigan vakili lavozimini ta'sis etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Hammamiz yaxshi tushunamizki, qonunlarni qabul qilish – bu ishning bir qismi, xolos.

Asosiy masala – qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga va mas'ul ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etish hamda qonun talablariga qat'iy amal qilishni ta'minlashdan iboratdir.

Afsuski, mazkur yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida emas. Buning oqibatida oxirgi uch yilda davlat organlarining 157 ta qarori o‘z kuchini yo‘qotgan qonunlar asosida chiqarilgan.

Endi o‘ylab ko‘raylik, qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar o‘z vaqtida joylarga, ayniqsa, ijrochilarga yetkazilmaydigan bo‘lsa, ularning bajarilishi haqida nima deyish mumkin?

Bu muammoni samarali hal qilishning birdan-bir yo‘li – qonunlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha soatdek aniq ishlaydigan mexanizm yaratishdir.

Qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalarida bitta-ikkita maqola yoki ko‘rsatuv bilan cheklanish mumkin emas. Qabul qilingan qonunlarni atroflicha muhokama qilish, yurtdoshlarimizning ularga munosabatini ifoda etadigan tahliliy materiallar, ko‘rsatuv va eshittirishlar, afsuski, juda kam.

Yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarning asosiy ma'nosini aholiga yetkazish bo‘yicha samarali mexanizm yaratish kerak.

Hozirgi kunda Adliya vazirligining bu boradagi faoliyatini talab darajasida deb bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan ushbu vazirlik va uning joylardagi bo‘linmalari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish zarur.

Adliya vazirligi mutasaddi idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunlarning ma'no-mazmunini joylarga yetkazish, ularni keng targ‘ib qilishga qaratilgan aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim.

Ikkinchidan, qonun ustuvorligini ta'minlashda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, 20 yil avval bu borada qabul qilingan Milliy dasturni yangidan ishlab chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Parlamentimiz jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha yangi Milliy dasturni yaratishda bosh-qosh bo‘lishi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Konstitutsiyamizda oliy qadriyat sifatida belgilab qo‘yilgan inson huquqlarini ta'minlash masalasi bundan buyon ham e'tiborimiz markazida bo‘ladi. Buning uchun sud hokimiyatining chinakam mustaqilligiga erishish naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.

Bu borada yaqinda qabul qilingan Farmon ijrosini ta'minlash birinchi darajali vazifamizdir.

Xususan, sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, yuksak malakali sud xodimlari korpusini shakllantirishimiz lozim.

Sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlash oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir.

Sudlarda ishlarni ko‘rish sifatini oshirish, ayniqsa, fuqarolik ishlarida ovora bo‘lib yurishlarning oldini olish, aynan bir instansiya sudida ishni bir necha marotaba ko‘rib turli qarorlar qabul qilish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti keldi.

Qonunchiligimizda advokatlarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha asoslar yaratilgan. Lekin, afsuski, advokatura hanuzgacha fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilish institutiga aylangani yo‘q.

Shu boisdan ham sud-huquq sohasida advokaturaning o‘rni va rolini yanada oshirish, uning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak.

Biz “Adolat – qonun ustuvorligida” degan tamoyil asosida jamiyatimizda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ishlarimizni jadal davom ettiramiz.

Bu borada huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga alohida e'tibor qaratiladi. Buning uchun avvalo mahalla imkoniyatlaridan keng foydalanish, profilaktika inspektorlarining ish samarasi va mas'uliyatini oshirish, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitini yaratib berish choralarini ko‘rishimiz darkor.

Huquqni muhofaza qilish faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash uchun biz fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan samarali hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yamiz.

Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zlari tomonidan qonunni buzish bilan bog‘liq har qanday holatga prinsipial baho beriladi va qat'iy chora ko‘riladi. Bunga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak.

Jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan yana bir illat – bu korrupsiya balosidir. Bunday xatarga qarshi kurashish maqsadida yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni tezroq amaliyotga joriy etish chora-tadbirlarini ko‘rishimiz lozim.

Bularning barchasi o‘z navbatida inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga, xalqimizning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid
Top