18:44 / 07.12.2016
5731

Turkiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi barcha aktivlarini liraga o‘tkazdi

Foto: © Fotolia/ Hayati Kayhan

Turkiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘zining valyutadagi aktivlarini turk lirasiga o‘tkazdi. Bu haqda Turkiya mudofaa vazirligiga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.   

Jamg‘arma bu qarorni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an chaqirig‘i bilan qabul qildi. 7 dekabrdan milliy valyutaga konvertatsiya qilingan mablag‘lar 262,7 mln dollar va 31,3 mln yevroni tashkil qildi. 

Avvalroq 7 dekabrda bunday qarorni mamlakat energetika bozorini tartibga soluvchi boshqarma qabul qilganini ma'lum qilgandi: Turkiyada gazni taqsimlash bo‘yicha tenderlarning o‘tkazilishidagi hisob-kitoblar milliy valyutada amalga oshiriladi.    

Bundan bir kun avval Turkiyaning xususiylashtirish masalalari bo‘yicha ma'muriyati ham tender operatsiyalarini faqatgina lirada o‘tkazishini ma'lum qilgandi. Istanbul birjasi ham barcha naqd pul mablag‘larini milliy valyutaga o‘tkazish va unda saqlashini ma'lum qilgan. 

2 dekabrda liraning dollarga nisbatan kursi tarixiy minimumgacha, ya'ni bir dollarga 3,54 liragacha tushib ketdi. Erdo‘g‘an Turkiya dushmanlari valyutalar kursini manipulyatsiya qilib, Anqaraga iqtisodiy bosim o‘tkazishga harakat qilayotganini aytgan.

Erdo‘g‘anning fikricha, bu yovuz niyatli harakatlarni yengib o‘tish uchun fuqarolar dollarlarni turk lirasi va oltinga ayirboshlashi kerak.

 

Top