09:38 / 08.12.2016
8977

Qirolicha Yelizaveta II va uning oilasi antiqa kiyimlarda taqdim qilindilar

Foto: madametussauds.com

Joriy yilda barcha istovchilar yaqin masofadan Yangi yil liboslarini kiyib olgan Britaniya qirollik oilasini tomosha qilishlari mumkin. Qirolicha Yelizaveta, uning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp, shahzoda Charlz va uning rafiqasi Kamilla, shahzoda Uilyam va malika Keyt hamda shahzoda Garri Yangi yil mavzusidagi ajoyib sviterlarda omma oldida gavdalanishadi. Biroq rostini aytganda, qirollik oilasi a'zolari bilan saroyda emas, balki Londondagi Tyusso xonim muzeyida mumdan ishlangan nusxalari bilan uchrashish mumkin.

Gap shundaki, joriy yilda muzey antiqa xayriya aksiyasini o‘tkazishga qaror qildi. Qirolichaning ruxsati bilan qirollik oilasi barcha a'zolarining mumdan ishlangan nusxalari yaqinlashib kelayotgan Rojdestvo uslubidagi liboslarga kiyintirildilar. Qizig‘i, Keyt va Uilyam ajralmas juftlik ekanliklariga ishora qilinib, bitta yaxlit katta sviterga burkantirildilar. Garriga esa uning Janubiy qutbga ekspeditsiyada ishtirok etganiga ishora sifatida quvnoq pingvin ko‘rinishidagi to‘q yashil sviter nasib etdi. Hattoki qirolichaning sevimli itlariga ham sviterlar yaratildi. Qirolichaning o‘ziga esa itlaridan birining boshiga toj kiydirilgan tasviri tushirilgan sviter kiygazildi.   

Qirollik oilasining bu mum haykallarini dekabr davomida tomosha qilish mumkin. Aktsiya tashkilotchilarining fikricha, bu antiqa manzara qo‘shimcha tashrif buyuruvchilarni jalb qiladi. Bundan tashqari, qirollik uyi a'zolari bilan muayyan haq evaziga suratga tushish mumkin bo‘ladi. Tadbirdan tushgan barcha pullar nochor davlatlarda yashovchi muhtoj oilalarning farzandlari ta'lim olishi va davolanishi uchun mablag‘ yig‘uvchi Save the Children jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top