19:22 / 09.12.2016
20951

Olimlar Tibetdagi yirik tabiiy ofat haqida xabar berishdi

Foto: Damir Sagolj / Reuters

Tibetning g‘arbiy qismida juda ham yirik ko‘chkining tushishi iqlim o‘zgarishi sabab yuz berdi. Uning oqibatida to‘qqiz nafar cho‘pon halok bo‘lgandi, deb xabar bergan Ohayo shtati Universiteti va Xitoy fanlar akademiyasi olimlari. Ularning tadqiqoti haqida EurekAlert! nashri yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tibetdagi Aru muzligidan 2016 yilning 17 iyul kuni 70 million tonna muz ajralib, pastdagi vodiyga qulagan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chki atigi to‘rt-besh daqiqa ichida sodir bo‘lgan, biroq uning ostida vodiyning deyarli 10 kvadrat kilometr maydoni qolib ketdi. Ajragan muzlikning yuqori tezlikda tushishi tog‘ etagi erigan qor suvlari bilan to‘lib ketgani, u esa kuchli ishqalanishga sabab bo‘lgani bilan bog‘liq.

Tadqiqotchilar vodiyga tushgan muzlar miqdorini aniqlash uchun yo‘ldoshlar orqali olingan ma'lumotlarni tahlil qilishdi. Ular ko‘chkini kompyuter dasturi yordamida modellashtirishdi. Natijalarga ko‘ra, aynan erigan qor suvlarining borligi halokatga turtki bergan. Shuningdek, Aruda so‘nggi 50 yil ichida o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajaga o‘sgani tufayli muzlikning o‘zi ham erigan bo‘lishi mumkin.
 

Mavzuga oid
Top