15:50 / 09.12.2016
8841

Janubiy Koreya prezidenti vakolatini bosh vazirga topshirdi

© REUTERS/ News1

Impichment qilingan Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe qonunchilikka ko‘ra, bosh vazir Xvan Gyo Anga o‘z vakolatlarini topshirdi.

Yonhap agentligi ma'lumotiga ko‘ra, davlat rahbari parlamentning impichment haqidagi qarori ma'lum bo‘lishi bilanoq bunga rozilik bildirgan.

"Shu vaqtdan e'tiboran prezident Pak davlat va ma'muriyat rahbarligini bajara olmaydi", — deyilgan agentlik xabarida.

Impichment bo‘yicha qaror Milliy majlisning 300 nafar deputatining 234 nafari tomonidan ma'qullangandi. Konstitutsiyaviy sud ushbu qarorni ko‘rib chiqqunga qadar prezidentning davlat rahbari sifatidagi barcha vakolatlarini vaqtincha to‘xtatdi.

Konstitutsiyaviy sud bu qarorning qonuniyligini 180 kun ichida ko‘rib chiqadi. Bu sud impichmentni rad etishi va Pak Kin Xening prezidentlik vakolatini tiklashi ham mumkin.

Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Xan Min Gu ushbu voqealar tufayli qurolli kuchlar jangovar holatga keltirilgani haqida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top