11:20 / 12.12.2016
3928

Ekzitpol: so‘l kuchlar Ruminiya hokimiyatiga qaytmoqda

Ruminiya siyosat sahnasiga so‘l kayfiyatdagi kuchlar qaytayotgan ko‘rinadi. 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari chog‘ida o‘tkazilgan ekzitpol natijasi shundan dalolat qilmoqda.
 
Ovoz berish uchastkalaridan chiqqan saylovchilarning kimga ishonch bildirgani so‘ralganidan so‘nggi taxminlarga ko‘ra, so‘l-markazchi Sotsial-demokratik partiyasi saylov chog‘ida 45,8 foiz ovoz to‘plagan bo‘lishi mumkin. Ekzit polni o‘tkazgan Ruminiya baholash va strategiya instituti (IRES) fikriga binoan, o‘ng markazchi milliy-liberal partiya esa 20,8 foiz saylovchining ishonchiga sazovor bo‘lgan. Shahar va mintaqaviy sotsiologiya markazi (CURS) "Avangard" sotsiologiya xizmatiga ko‘ra, SDP 45,5 foiz, MLP 21,7 foiz ovoz to‘plagan. 

IRES ma'lumotlariga binoan, uchinchi o‘rinda Ruminiyani qutqarish ittifoqi bormoqda. U 9,2 foiz ovoz to‘plagan. Ittifoqdan so‘ngra, Ruminiya vengerlari Demokratik ittifoqi 6,7 foizlik natija bilan bormoqda. Liberallar va demokratlar alyansi 6,3 foiz atrofida ovoz olishga muvaffaq bo‘lgan. Xalq harakati partiyasi 4,7 foiz, Yagona Ruminiya partiyasi - 2,5 foiz ovoz to‘plashning uddasidan chiqqan. 

Mahalliy tahlilchilar ekzitpol natijalariga ko‘ra, sotsial-demokratlar LDA bilan koalitsiyani tuzadi va bosh vazirni tayinlash huquqini qo‘lga kiritadi. 

Ruminiya parlament saylovlarining ilk rasmiy natijalari 12 dekabr kuni e'lon qilinadi. 

 

Mavzuga oid
Top