14:52 / 12.12.2016
20771

Xitoy bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatga aylandi, ammo...

Foto: AP

Xitoy o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qat'iy choralar qo‘llash huquqini saqlab qoladi. Jahon savdo tashkiloti mamlakatlari Xitoyga bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan surrogat davlat sifatida qarashni davom ettirsa, keskin choralar qo‘llashga majbur bo‘ladi. Bu haqda, XXR tijorat vaziri Gao Xuchen mamlakatning JSTga a'zo bo‘lganiga 15 yil to‘lishi munosabati bilan e'lon qilgan maqolasida bayonot bergan. 

11 dekabrda Xitoyning JSTga a'zo bo‘lganiga 15 yil bo‘ldi. Shu bilan, ushbu mamlakatning tashkilotga a'zo bo‘lishiga doir hujjatning 15-bandi o‘z kuchini yo‘qotdi. Unga ko‘ra, savdo tashkiloti mamlakatlari Xitoy mahsulotlariga nisbatan aksildemping choralari ko‘rishi mumkin edi. Hujjatda mazkur band Xitoyning JSTga a'zo bo‘lganidan so‘ng, 15 yil o‘tgach, o‘z kuchini yo‘qotishi qayd etilgan. 

"Xitoy tomoni JSTning barcha a'zo mamlakatlarini xalqaro huquq me'yorlarini hurmat qilishga va unga to‘la rioya qilishga hamda xalqaro majburiyatlarni to‘liq bajarishga chaqiradi. Xitoy o‘z manfaatlarini qat'iy ravishda himoya qiladi va JSTning o‘z majburiyatlarini bajarmayotgan davlatlariga nisbatan keskin choralar ko‘rish huquqini saqlab qoladi", — deyiladi Gao Xuchenning "Jenmin jibao" nashrida chop etilgan maqolasida.

Xitoy vaziri, shuningdek, a'zolik bitimidagi 15-bandi 11 dekabr sanasidan e'tiboran o‘z-o‘zidan kuchini yo‘qotganini ta'kidlagan. 

Pekin ma'muriyati, bir necha marotaba, ushbu kelishuvga binoan, 2016 yil 11 dekabridan so‘ng, avtomatik ravishda bozor iqtisodiyotiga ega davlat maqomiga ega bo‘lishini ta'kidlagan. Ammo, Xitoyning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan YeI, Yaponiya va AQSh Xitoyning bozor iqtisodiyotiga ega davlat sifatida e'tirof etilishi uchun yetarli choralar ko‘rmaganini ro‘kach qilmoqda. 

O‘tgan haftada Yaponiya Xitoyni bozor qonunlari hukm surgan mamlakat sifatida tan olmasligini bildirgan edi. YeI va AQSh ham ayni nuqtainazarda ekani ta'kidlangandi. 

Yevropa Komissiyasiga ko‘ra, YeI Xitoyning ushbu maqomini tan olishga tayyor emas, chunki Xitoyning bozor iqtisodiyotiga ega davlat sifatida tan olinishi Xitoy mahsulotlariga nisbatan Yevropa aksildemping bojlarini qo‘llash jarayonini qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, 3,5 mlnga yaqin yevropalik o‘z ish o‘rinlaridan mahrum bo‘lishi mumkin. Ammo, boshqa tarafdan bu Xitoy bozoriga keng yo‘l ochadi. 

AQSh tijorat departamenti ham "Xitoy davlati yuritayotgan iqtisodiyot" muvozanati buzilganidan xavotirlarini izhor qilib keladi. Unga ko‘ra, "Xitoy bozor qoidalari faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan islohotlarni o‘tkazmagan".

Mavzuga oid
Top