14:19 / 12.12.2016
147857

O‘zbekiston Bosh vaziri lavozimiga nomzod taklif etildi

Parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati − O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bosh vazirlik uchun nomzodini taklif qildi.

Bugun o‘tkazilgan partiya yig‘ilishida Bosh vazir lavozimiga Abdulla Oripov nomzodi ilgari surildi va tasdiqlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi ma'lumot berdi.

Abdulla Oripov shu yilning sentabr oyida hukumatga qaytarilgandi. U 13 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tayinlagandi.

1961 yilda tug‘ilgan Abdulla Oripov 10 yildan ortiq — 2002 yil may oyidan 2012 yilning avgustiga qadar bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.

U axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari (2009 yil oktabriga qadar — ta'lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy muhofaza, axborot tizimlari va kommunikatsiya masalalari) kompleksiga ham rahbarlik qilgan.

Shu bilan bir vaqtda, 2005—2009 yillar davomida O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan.

Ma'lumot uchun, Konstitutsiyaning 98-moddasiga ko‘ra bosh vazir: 
— Hukumat faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
— Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
— xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston hukumati nomidan ish ko‘radi;
— O‘zbekiston qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.

2016 yilning sentabridan boshlab esa bosh vazirning yana bir vazifasi paydo bo‘ldi: u virtual qabulxona orqali aholidan kelib tushayotgan shikoyat va murojaatlarni ko‘rib chiqib, samarali hal etish bilan shug‘ullanadi.

Asosiy qonunning 98-moddasida keltirilgandek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.

Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganida va tasdiqlanayotganida Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.

Bosh vazir nomzodi uning uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari umumiy sonining yarmidan ko‘p qismi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top