19:17 / 13.12.2016
37563

Alloh nazdida farishtalardan ham mukarram va afzal kishi

Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalar bo‘lsin, ikki olam sarvari Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ga salovotu salomlar bo‘lsin! Alloh taolo insonni O‘zi xalq qilgan barcha maxluqotlar ichida eng mukarram va aziz qilib yaratdi. Bu haqda Qur'oni karimning «Isro» surasi, 70-oyatida shunday marhamat qiladi:

Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik.

Bu oyati karimada Alloh taolo o‘z bandalariga ato etgan behisob ne'matlarini yod etish bilan birga, insonning naqadar ulug‘ bir mavjudod ekanligiga guvohlik beradi.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlarining muborak hadisi shariflarida:

«Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir» – degan ekanlar. Mana bu hadisning sharhida shunday deyiladiki, ya'ni «Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba'zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu shahvat yo‘q. Hayvonotda esa, nafsu shahvat boru, lekin aql yo‘q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni to‘g‘ri yo‘lga, savobli ishlarga boshlasa, nafsu shahvat faqat nafsni qondirish, shahvoniy hirsni qoniqtirishga va buning uchun har qanday gunohu ma'siyat ishlaridan qaytmaslikka boshlaydi. Binobarin, agar insonning aqli nafsu shahvatidan g‘olib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u farishtalardan ham ulug‘ maqomda yurgan bo‘ladi. Ammo, bordi-yu nafsu shahvati aqlidan g‘olib kelib, ularning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u hayvonlardan ham past martabada qolgan bo‘ladi.

Yuqoridagi oyati karimada Alloh taolo «Insonni aziz va mukarram qilib yaratdik» – dedi. Tafsir kitoblarida insonning qaysi ne'matlar tufayli mukarram ekanligi to‘g‘risida ko‘pgina misollar keltirilgan. Ba'zi mufassirlar mazkur oyatni sharhlab, insonga ato etilgan ne'matlarni ikkiga taqsim qilganlar:

  1. Jismoniy ne'matlar. Bular sihat-salomatlik, yaxshi taom, chiroyli libos, farovon turmush kabilardan iborat bo‘lib, bu ne'matlar barcha bandalarga barobar berilaveradigan narsalardir.
  2. Ruhoniy yoki ma'naviy ne'matlar. Bunga misol qilib, imon, islom, rushdu hidoyat, axloq, insofu tavfiq kabi ijobiy sifatlarni keltirish mumkin. Bu ne'matlar faqat Alloh taoloning inoyatiga musharraf bo‘lgan bandalarigagina nasib bo‘ladi.

Yurtimizda nishonlanadigan barcha bayram kunlari kishilarni bir-biriga mehr-

oqibatli bo‘lishga chaqirish bilan birga, o‘zaro izzat-hurmat, saxovat ko‘rsatishga undaydi. Bayramlarda ota-onasi, yaqinlarining, shuningdek, keksalar, bemorlar, nogironlar, yetimlar holidan xabar olish eng yaxshi amallardandir.

Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylariga moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bunday xayrli amallar yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-muruvvat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayapti.

Joriy yilning 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligi hamda 3 dekabr – «Xalqaro nogironlar kuni» munosabati bilan, homiylar ishtirokida, Olmazor tumanida joylashgan «Muruvvat» nogiron bolalar uchun 1-son internat uyida mehrga muhtoj bolalar holidan xabar olinib, dasturxon atrofida xayriya tadbirida qatnashdik.

Ushbu «Muruvvat» nogiron bolalar uchun 1-son internat uyidagi muhit, tarbiyachilar, ustozlarining mehr-muhabbati barcha nogiron va imkoniyati cheklangan bolalarning hayotiga yangicha mazmun, shodlik olib kirmoqda.

Bolalarga mehr-e'tibor ko‘rsatish, ularning komil inson bo‘lib yetishishi haqida qayg‘urish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Zamonaviylik va milliylik ruhida bezatilgan ushbu dargohning yo‘laklari toza-ozoda, atrofi obod. Mevali va manzarali daraxtlar, gullar, turli rasmlar bilan bezatilgan hovlida o‘g‘il-qizlarning xushchaqchaq ovozi quloqqa chalinadi. Bir-biri bilan ahil o‘ynayotgan bolalarni ko‘rib ko‘zingiz quvonadi. Qalbingiz larzaga keladi.

Bu yerda bolalarga o‘z jigaridek, mehr va muruvvat ko‘rsatib xizmat qilayotgan barcha tarbiyachilar va ustozlarga rahmatlar aytib, haqlariga duolar qildik.

«Muruvvat» nogiron bolalar uchun 1-son internat uyida bolalarning bilim olishi, hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanib, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoit muhayyo. Tibbiyot bo‘limi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, zarur dori-darmonlar bilan ta'minlangan. Shahar, tuman sog‘liqni saqlash birlashmalarida bolalar tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Bosh qomusimizning 45-moddasida ta'kidlanganidek: «Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning haquqlari davlat himoyasidadir».

Shu kabi inson manfaatlarini himoya qilishiga hizmat qiluvchi qonunlar natijasida Respublikamizda Alloh taoloning ilohiy taqdiriga ko‘ra, otasi yoki onasidan ajralib qolgan norasida yetim-yesirlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tarbiyalash, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish, tug‘ma nogiron yoki keyinchalik majruh bo‘lib qolgan kimsalarga nisbatan mehr-shafqat ko‘rsatish azaliy diniy qadriyatlarimizga mos xayrli amallardandir. Davlatimiz tomonidan mustaqillik yillarida turli shahar va qishloqlarda ochilgan mehribonlik va nogironlar uylarining sharoitini yaxshilash, hatto yura olmay o‘z uylarida yashab keladigan nogiron bolalarni tarbiyalashda ishiga eng mohir va yuksak malakali ustoz va muallimlarning jalb qilish ishlari oliy darajada tashkil etilgan.

Bu yerdagi kutubxona, zamonaviy kompyuterlarga ega sinfxona, o‘yin, futbol maydoni, tennis korti va zarur anjomlar bilan jihozlangan zallardan iborat sport kompleksi bolalar ixtiyorida.

Ular ko‘plab yo‘nalishlarda mamlakat va xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlov, festival va musobaqalarda o‘z iste'dodini namoyon etib kelmoqda. Bu bolalarning muayyan sohaga qiziqishini oshirib, o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchini kuchaytiradi.

Shu o‘rinda joriy yildagi nogiron va imkoniyati cheklangan Vatandoshlarimizning g‘alabalarni eslasak.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2013 yil 25 fevraldagi «O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori paralimpiyachilarimizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, tajriba orttirish, nufuzli musobaqaga yo‘llanma beruvchi bellashuvlarda munosib qatnashishini ta'minlashda muhim o‘rin tutdi.

Shuningdek, 2016 yil 12 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya hamda XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi va ishtiroki to‘g‘risidagi qarorni ham alohida qayd etib o‘tish joiz.

Rio bahslarigacha Paralimpiya o‘yinlarining faqat bitta kumush medaliga (2012 yil London) ega bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari bu galgi natijalari bilan hammaning hayratu havasini uyg‘otdi. Braziliyada 160 dan ortiq davlatning to‘rt mingdan ziyod vakili g‘oliblik uchun kurashdi. O‘zbekiston beshta sport turi bo‘yicha 32 nafar paralimpiyachisi bilan qatnashib, 31 medalni qo‘lga kiritdi. Sportchilar soniga nisbatan medallar jamg‘arish borasida mamlakatimiz delegatsiyasi 96,8 foiz natija bilan XV Paralimpiya o‘yinlarida eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etdi. Jamoamiz Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi, MDHda ikkinchi, Osiyoda uchinchi pog‘onani egalladi. Qolaversa, hamyurtlarimiz 7 ta Paralimpiya o‘yinlari, 6 ta jahon hamda 12 ta Osiyo rekordini yangilab, dunyo sporti tarixiga o‘z nomlarini yozdirib qo‘ydilar.

XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha terma jamoamiz Kuba, Fransiya, Qozog‘iston, Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Braziliya, Xitoy kabi davlatlar vakillarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallagan edi. Ana shu an'anani XV Paralimpiya o‘yinlarida dzyudochilarimiz davom ettirdi.

Ular 3 oltin, 1 kumush va 6 bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida peshqadam bo‘ldi. Qarangki, hatto, dzyudo vatani hisoblangan Yaponiya vakillari ham bizdan ancha kam medal qo‘lga kiritdi...

Umuman, XV Paralimpiya o‘yinlarida vakillarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Navbatdagi Paralimpiada 2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida uyushtiriladi. Umid qilamizki, bundan-da yuqori natijalar qo‘lga kiritiladi inshaalloh.

Bu yutuqlarning barchasi bizning yurtimizda imkoniyati cheklangan va nogironlarga bo‘lgan e'tiborning yorqin misolidir. Bizda inson qadr-qimmati birinchi o‘rinda turadi.

Muqaddas Islom dini irqi, nasabi, millati, boyligi, mansabi va jamiyatdagi tutgan o‘rnidan qat'i nazar, barcha insonlarga tenglik, hurlik, o‘zaro bir-birlari bilan hamjihatlikni ta'minlovchi, birodarlikni kafolatlagan yagona e'tiqodiy ta'limotdir. Bu mazmunni bayon qiluvchi oyat, hadislar juda ham ko‘p, jumladan, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar: «Kimiki, bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kimiki hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur», deb aytganlar.

Musulmon ummati ichida Alloh taolodan o‘ziga yetgan balo, sinovlarni yaxshi ko‘rgan, ularni o‘zi uchun ne'mat deb bilgan zotlar juda ko‘p bo‘lganlar va hozir ham borlar.

«Imron ibn Husoyn (roziyallohu anhu)ning qorni shishib, yotib qolgan edi. U chalqancha tushganicha o‘ttiz yil yotdi. Tura olmaydi ham, o‘tira olmaydi ham. Unga xurmoning po‘stlog‘idan qilingan yotog‘idan qazoi hojati uchun teshik qilib berilgan edi. Uning huzuriga Mutrof va ukasi Alo kirishdi. Uning holini ko‘rib, yig‘lay boshladi. Imron ibn Husoyn (roziyallohu anhu):

«Nimaga yig‘layapsan?» dedi.

«Seni shunday og‘ir holatda ko‘rganimdan yig‘layman», dedi.

«Yig‘lama! Allohga mahbub bo‘lgani men uchun ham mahbubdir. Senga bir gap aytaman. Shoyat, Alloh taolo u ila senga manfaat bersa. Ammo men o‘lgunimcha uni (sirni) hech kimga aytmagin. Farishtalar meni ziyorat qilib turishadi. Men ularning salomini eshitaman», dedi.

Bu bilan u kishi ushbu yetgan balo o‘zi uchun uqubat emasligini, taqdir qilingan qismati, kasallikka sabr qilishlari oqibatida hatto sog‘lom bo‘laturib topaolmaydigan ulug‘ maqom, farishtalar uni ziyorat qilib, salom berishlik darajasiga yetganliklarini bildirib qo‘ydilar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sallalohu alayhi vasalam): «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa. Uni sinovga uchratur», dedilar”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Musulmonga qay bir musibat: horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh taolo ular ila uning xatolarini kafforat qilur», dedilar».

Yaxshiliklar, savobli amallar bardavom bo‘lgan el-yurt mustahkam bo‘lib taraqqiy etadi.

Xulosa qilib aytganda yaxshiliklar, savobli amallar bardavom bo‘lgan el-yurt mustahkam bo‘lib, taraqqiy etadi. Bunday diyorda insonlar bir-biriga mehrli, muruvvatli bo‘ladi.

Rahmatulloh Sayfuddinov

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Top