15:18 / 13.12.2016
7863

Putin Tramp bilan istalgan vaqtda uchrashishga tayyorligini bildirdi

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQShning yangi saylangan davlat rahbari Donald Tramp bilan uchrashishga tayyorligi haqida bayonot berdi. U «Nippon» telekanali va «Iomiuri» gazetalariga bergan intervyusida shu haqda so‘z yuritdi, deb xabar qilmoqda Kreml sayti. 

Putinning aniqlik kiritishicha, bunda Trampga o‘z ma'muriyatini tuzib olish va vazifasiga rasman kirishishi uchun imkon berish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

«Uchrashuvlarga kelsak, fikrimcha, saylangan prezidentga hech bo‘lmaganda o‘z ma'muriyatini shakllantirib olish, lavozimiga rasman kirishishiga imkoniyat taqdim etish kerak. Shundan so‘ng, uchrashuvlar haqida so‘z yuritsa bo‘ladi. Biz har qanday vaqtda tayyormiz, biz tomondan hech qanday muammo yo‘q, ma'muriyatni tashkil etish ancha murakkab jarayon, biz sabr qilib, bu vazifa bajarilishini kutishimiz kerak», — degan Putin.

Rossiya rahbari, RF bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori bo‘lgan Trampni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

«Qo‘shma Shtatlarning saylangan prezidenti oshkora ravishda rus-amerika munosabatlarini yaxshilash borasida fikrlar bildirmoqda. Biz buni qo‘llab-quvvatlamasligimiz mumkin emas. Biz ham albatta, shuning tarafdorimiz», — degan Rossiya davlat rahbari. 

 

Top