18:01 / 13.12.2016
42228

Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlik lavozimidan ozod etildi

O‘zbekiston Senatining bugungi yig‘ilishda mamlakatning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev ma'lum qilgan.

«Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni bosh vazirlik lavozimidan ozod qilish haqidagi qaror sizning qo‘lingizda. Marhamat ovoz bering», — degan Yo‘ldoshev yig‘ilishda.

Bu qaror bir ovozdan qabul qilingan.

Bosh vazirni lavozimidan ozod qilish parlament palatalari tomonidan alohida-alohida ko‘rib chiqilgan va tegishli qaror qabul qilingan.

Qonunchilikka ko‘ra, parlamentning ikki palatasi bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilgach, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birgalikda iste'foga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni Parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati − O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bosh vazirlik uchun Abdulla Oripov nomzodini taklif qilgandi.

14 dekabr kuni Oripov ushbu lavozimga tasdiqlanishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida 88,61 foiz ovoz to‘plab g‘olib bo‘lgan edi.

Top