11:07 / 14.12.2016
5022

AQSh IT-kompaniyalarining 200 xodimi Trampga muhojirlarni chiqarib yuborishda yordam bermaydi

Foto: EPA

Amerika eng yirik texnologik kompaniyalarining 200 dan ziyod xodimi AQShning saylangan prezidenti bilan bog‘liq ochiq xatga imzo chekishdi. Unda Donald Tramp bo‘lajak ma'muriyatiga keyinchalik mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin bo‘lgan insonlarning dini, irqi va millati haqidagi ma'lumotlarni yig‘ib, taqdim etmasliklari haqida so‘z yuritilgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

"Biz insonlarning diniga asoslangan ma'lumotlar tizimini yaratishdan bosh tortamiz. U konstitutsiyada aniq belgilab qo‘yilgan. Biz mamlakatdan kishilarning ommaviy ravishda chiqarib yuborilishiga yordam ko‘rsatmaymiz", - deyiladi maktubda.

Hujjatga Google, Twitter va Salesforce kabi kompaniyalarning rahbarlari, dasturchilari va dizaynerlari imzo chekishgan.

Kompaniya tashabbusi haqida esa Tramp 14 dekabr kuni Nyu-Yorkda SpaceX, Tesla Motors, Apple va Google kabi mamlakatning yetakchi texnologik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashish niyatida ekani haqida xabarlar tarqalgach, ma'lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp saylovoldi kampaniyasi davrida Vashington boshqa mamlakatdan kelayotgan barcha musulmonlarni AQSh hududiga kiritmasligi kerakligini ma'lum qilgandi. Keyinchalik u o‘z fikrini o‘zgartirib, Qo‘shma Shtatlar faqatgina terrorchilik xavfi yuqori bo‘lgan davlatlardan kelayotgan musulmonlarning davlatga kirishini taqiqlab qo‘yishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.
 

Top