08:30 / 14.12.2016
6711

Qatarda ish beruvchilarga mehnat migrantlari harakatlanishini cheklash taqiqlandi

Foto: Reuters

Qatarda ish beruvchilarga yollanma xorijlik ishchilar harakatiga cheklov o‘rnatishga ruxsat bergan “kafala” tizimi rasman taqiqlandi. Bu haqda The Guardian yozmoqda.

Ta'kidlanishicha, qonunchilikdagi o‘zgarish 13 dekabrdan kuch kirgan. Mahalliy hukumatning fikricha, yangilik ishchilar erkinligi va himoyasini kuchliroq kafolatlaydi.

Nashrning yozishicha, kafala tizimi Fors ko‘rfazining ko‘plab mamlakatlarida qo‘llaniladi. Uning asosiy maqsadi – ishchi migrantlar ustidan nazorat o‘rnatishdir. Tizim asosan Hindiston, Nepal va Shri-Lanka davlatlaridan kelgan ishchilarga nisbatan qo‘llanilib, u ish joyini o‘zgartirish yoki mamlakatni ruxsatsiz tark etishga to‘sqinlik qiladi.

Ma'lumot uchun, Qatar mehnat qonunchiligi davlat futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritganidan so‘ng jiddiy tanqidga uchradi. Biroq, Amnesty International vakillarining ta'kidlashicha, yangi qonunchilik mamlakatdagi ishchilar huquqi bilan bog‘liq muammolarni yetarli darajada hal etmaydi.
 

Top