18:12 / 15.12.2016
4266
2016 yilning yanvar-sentabr oylarida 92,6 foiz iste'molchining shikoyati ijobiy hal etildi

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari, shuningdek, tuman va shahar jamiyatlariga iste'molchilardan 7 ming 640 dan ziyod ariza va shikoyat kelib tushgan. Ularning 92,6 foizi ijobiy hal etilib, 2 milliard 862 million so‘mdan ziyod zarar iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qayd etilganidek, ariza va shikoyatlarning asosiy qismi tabiiy gaz (29,5 foiz) va elektr energiyasi (14,9 foiz) ta'minoti, savdo-sotiq (22,4 foiz) sohalariga taalluqlidir. Shuningdek, ichimlik suvi ta'minoti, kommunal xizmat ko‘rsatish, transport, sog‘liqni saqlash singari masalalar bo‘yicha ham murojaatlar ko‘pchilikni tashkil etgan.

Besh mingga yaqin murojaat yozma tartibda bildirilgan bo‘lsa, 2 ming 500 dan ortig‘i og‘zaki, "Ishonch telefoni" va elektron shaklda kelib tushgan.
Federatsiyaning virtual qabulxonasi ish boshlagani, shuningdek, www.istemol.uz sayti hamda "1091" yagona "Ishonch telefoni" orqali ariza, taklif va shikoyatlar qabul qilinayotgani iste'molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

Top