15:21 / 15.12.2016
5470

Nazarboyev Qozog‘istonning 2050 yilgacha bo‘lgan istiqboli haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

Foto: ria.ru

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev respublika mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali yig‘ilishida mamlakatning 2050 yilgacha bo‘lgan dolzarb vazifalari xususida fikr yuritdi. 

"Kelgusi yillarda men jamoatchilikning sa'y-harakatlarini biz belgilab olgan barcha strategik vazifa va rejalarini bajarishga qaratish niyatidaman. 34 yildan so‘ng, kirib keladigan 2050 yil istiqboli — bu tarix nuqtainazaridan kichik bir davr bo‘lib, qisqa vaqt ichida yetib keladi. Bizning aniq yo‘nalishimiz va aniq harakatlar dasturimiz bor", — degan prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazifa Qozog‘istonning eng rivojlangan 30 davlat safiga kirishdir. "2050 yilgacha biz dunyoning eng rivojlangan 30 mamlakatidan biri bo‘lamiz. Qozog‘iston o‘rta sinfdagi aholi qatlami ko‘p bo‘lgan mamlakatga aylanadi. 2050 yilda kichik va o‘rta biznes YaIM (yalpi ichki mahsulot)ning kamida 50 foizini ishlab chiqaradi", — deb qayd etgan Nazarboyev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy iqtisodiyot o‘sishi mehnat samaradorligini oshirish evaziga ta'minlanadi. Bu boradagi ko‘rsatkich, kishiga 120 ming dollargacha oshishi kerak. 

Prezidentning fikricha, Qozog‘istonda taraqqiyotning innovatsion modeliga o‘tiladi. Sanoatlashtirish bo‘yicha ikkinchi besh yillik dasturi doirasida 300dan ortiq umuman yangi turdagi korxona barpo etiladi. Ilmiy-tadqiqot ishlariga YaIMning 3 foizi sarflanadi. Shu bilan mamlakat fanga asoslangan iqtisodiyotga yaqinlashadi. 

"Aytganlarimning hech biri xomxayol emas. "Qozog‘iston-2030" dasturini qabul qilganimizda ham buni xomxayol degandik. Ammo, biz uni muddatidan ikki marta tezroq amalga oshirdik", — degan Qozog‘iston yetakchisi. 

 

Top