21:55 / 15.12.2016
11653

Rossiya yetakchisining Yaponiyaga tashrifining birinchi kuni tafsilotlari

Foto: © RIA

15 dekabrda Yaponiyaga tashrif bilan kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan o‘zaro tinchlik kelishuvi, harbiy sohada aloqalarning tiklanishi, Suriya va Ukrainadagi ixtiloflarni hal qilish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda

Putinning Yaponiyaga joriy tashrifi 2014 yildan beri qoldirib kelinayotgani sababli, ikki davlat o‘rtasida munosabatlarning yaxshilanishi sifatida baholanmoqda. Bu uchrashuv ikki davlat yetakchisi o‘rtasidagi o‘zaro 16-uchrashuv bo‘ldi. 

Putinning samolyoti Yamaguti-Ube aeroportiga qo‘ngach, Rossiya yetakchisi u yerdan Yaponiya bosh vazirining Nagatodagi qarorgohiga yo‘l olgan.

Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, Putin va Abe turli yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni jadallashtirishga kelishib olganlar.

Putin Abega uning sa'y-harakatlari evaziga ikki tomonlama munosabatlarda iliqlik o‘rnatilgani uchun minnatdorchilik aytgan va ikki kunlik muzokaralar Rossiya-Yaponiya aloqalari rivojiga hissa qo‘shishiga umid bildirgan.

Putin va Abe harbiy yo‘nalishdagi, jumladan "2+2" shaklidagi (davlatlar tashqi ishlar va mudofaa vazirlari) aloqalarni tiklash zarurligiga rozilik bildirishgan. 

Bundan tashqari, yetakchilar AQShning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashuvi, AQSh raketaga qarshi mudofaa tizimlari va Shimoliy Koreya tomonidan taralayotgan xavflarni muhokama qilishgan.

Putinning Yaponiyaga tashrifining 1-kuni yapon oshxonasi taomlari tortiladigan an'anaviy "kayseki" tadbiri bilan yakunlanadi. Avvalroq Abe Putinni grilda pishirilgan yaponcha mol go‘shti, xom va frityurda qovurilgan baliq bo‘lakchalari va guruch bilan mehmon qilishi ma'lum qilingandi.

Taxmin qilinishicha, yetakchilar o‘z suhbatlarini yapon bog‘ida, manzaralar ochiladigan ochiq issiq chashma atrofida davom ettirishadi, so‘ngra teleskoplar o‘rnatilgan observatoriyaga tungi osmonni tomosha qilgani yo‘l olishadi. Ta'kidlanishicha, yetakchilar u yerdagi maxsus tayyorlangan barda Kuril orollari masalasi bo‘yicha fikr almashadilar.

16 dekabr ertalab Putin Tokioga uchadi va u yerda ishchi nonushta shaklidagi tadbirda muzokaralarni davom ettiradi. Bu nonushtaga yapon ishbilarmonlik doiralari vakillari ham taklif qilingan. U yerda hujjatlar imzolanadi.

So‘ngra Putin va Abe Rossiya-Yaponiya biznes anjumanining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlashadi, so‘ngra "Kodokan" dzyudo markaziga tashrif buyurishadi. Putin markazda Yaponiyaning ko‘plab mashhur insonlari, jumladan sobiq bosh vaziri Iosiro Mori bilan uchrashadi. Putinning Yaponiyaga tashrifi shu bilan yakun topadi.

 

Top