08:13 / 16.12.2016
48668
Mirziyoyev: Eskicha ishlashga haqqimiz yo‘q

2016 yil 15 dekabr kuni xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilingan edi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi, deb xabar qilmoqda O‘zA agentligi.

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Sirdaryo viloyati ham izchil rivojlanib bormoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil 9 martdagi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan 2015-2019 yillarda Guliston shahrida drenaj tizimini yanada takomillashtirish, meliorativ holatini yaxshilash va yer osti suv sathini kamaytirish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturi ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga asos bo‘lmoqda. Shahar va qishloqlarda yangi uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari barpo etilmoqda. 

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o‘rin tutmoqda. “Reka med farm” va “Guliston medtexnika” qo‘shma korxonalari, “Bek” birlashmasida ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Yangi kichik biznes sub'yektlari tashkil etilmoqda. 

Sessiyada asosiy e'tibor Sirdaryo viloyatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga qaratildi. 

“Xalqimiz bildirgan ishonchni oqlash uchun eskicha uslubda ishlashga haqqimiz yo‘q. Odamlar yanada yaxshi yashashi uchun bizdan katta o‘zgarishlar, natijalar kutmoqda”, - degan davlatimiz rahbari. 

Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, tumanlarni subventsiyadan chiqarish, yangi korxonalar tashkil etish, aholini ish bilan ta'minlash, qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish bo‘yicha belgilangan istiqbolli loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi. 

 

Top