00:50 / 18.12.2016
16931

O‘zbekistonlik Sherzod Toshmatov Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi

Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida Osiyo qit'asida  boksni rivojlantirishga mas'ul tashkilot - Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 

Ushbu muhim tadbir kun tartibidan Osiyo boks konfederatsiyasi rahbar lavozimlariga nomzodlarni saylash, Ijroiya qo‘mitasiga yangi a'zolarni tayinlash, tashkilotning 2015-2016 yillardagi faoliyati, 2017 yilgi sport mavsumida qit'a miqyosidagi musobaqalarni tashkil qilish, moliyaviy masalalarni ko‘rib chiqish kabi qator mavzular o‘rin oldi. 

Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi va shuningdek, Ijroiya qo‘mitasi a'zoligiga qabul qilindi. 

Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroqo‘mi yig‘ilishida ishtirok etgan rahbar xodimlar 19-20 dekabr kunlari Shveytsariyaning Lozanna shahrida bo‘ladigan Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi – AIBA Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida ham ishtirok etishadi. 

Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi yaqinda Twitter ijtimoiy tarmog‘i orqali yilning eng yaxshi bokschisini aniqlash maqsadida so‘rovnoma e'lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonlik bokschi, Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov ushbu Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari – kubalik Robeysi Ramires va qozog‘istonlik Doniyor Yeleussinovni katta farq bilan ortda qoldirib, 2016 yil yakunlariga ko‘ra "Eng yaxshi bokschi" deb topilgandi.

AIBA tadbiri doirasida Hasanboy Do‘smatov shu unvon bilan taqdirlanishi kutilmoqda. 

 

Top