22:23 / 19.12.2016
15973

Aktyor Mett Deymon ishtirokidagi yangi film Xitoyda muvaffaqiyat qozonmoqda

Xitoylik rejissyor Chjan Imouning bosh rolni aktyor Mett Deymon o‘ynagan, "Buyuk devor" deb nomlangan filmi Xitoydagi prokatining birinchi uikendidayoq (juma-yakshanba) 462,5 mln yuan (67 mln dollar) yig‘di. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda.  

Axborot agentligining ta'kidlashicha, filmning muvaffaqiyati Gollivudning serdaromad aktyorining mahalliy rejissyor va mavzu bilan qorishmasi kinoga sotiladigan chiptalarning o‘sishiga imkon beruvchi usul ekanligidan darak beradi.

Katta ko‘lamli filmning byudjyeti 150 mln dollarni tashkil qilgan. "Buyuk devor" filmi prokatga chiqqanining birinchi kuni – 16 dekabrdayoq 123 mln yuan yig‘ib, blokbaster maqomini oldi. Xitoyda kamida 100 mln yuan yiqqan film xit hisoblanadi. Hozirda Xitoy AQShdan keyin eng yirik kino bozori hisoblanadi.

Bloomberg’ning yozishicha, tomoshabinlar va tanqidchilarning filmga munosabatlari turlicha bo‘lgan. Film uchun ijobiy tavsiflar juda muhim, chunki u yaqin haftalarda boshqa davlatlarda namoyish qilina boshlanadi.

2016 yilda "Varkraft" filmi Xitoyda 212 mln dollar yig‘ib, xitga aylangandi, biroq AQShda bor-yo‘g‘i 47,2 mln dollar yig‘ib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

 

Top