08:04 / 21.12.2016
106164

Alloh yoqtirmaydigan halol narsa

 

Turmush qurgan va turmush qurish arafasida bo‘lgan har bir musulmon farzand nikoh-taloq masalalaridan xabardor bo‘lishi shartdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Ilm olish har bir musulmonga farzdir», deganlar. Zero, shariatimizdagi nikoh-taloq masalalari ham alohida bir ilmlarning majmuasidir.

«TALOQ» so‘zi lug‘atda bo‘shatish, qo‘yish degan ma'nolarni, shar'iy istilohda esa er-xotin o‘rtasidagi nikoh aqdini buzish ma'nosini anglatadi. Islom shariati ta'limotida garchi ba'zi holatlarda taloq qilishga ijozat berilgan bo‘lsa-da, lekin har qanday holatda ham taloq berishni Alloh yoqtirmasligi aytilgan. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Halol narsalar ichida Allohga yoqimsizi taloqdir», deb marhamat qilganlar (Imom Abu Dovud va Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, Alloh taolo taloq lafzining ishlatilishini, oilalarning buzilib, parokanda bo‘lishini xohlamaydi. Shuning uchun Qur'oni karimda har qanday holatda ham nikohni saqlab qolishga, oilani buzmaslikka buyurib:

«Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki), balki sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin», degan (Niso surasi, 19-oyat).

«Taloq» so‘zi tilga olingan vaqtda Allohning Arshi larzaga kelishi haqida ham hadisi sharifda aytilgan.

«Taloq» so‘zining ma'nosini tushunmay, huda-behudaga aytaverish gunoh sanalishi bilan birga, bunday taloq shariatda e'tiborga olinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Uch narsaning jiddiysi ham jiddiy, hazili ham jiddiy; taloq, nikoh va itoq (ya'ni qul ozod qilish)», deganlar. Mazkur hadisning mazmuniga qaraganda, taloq masalasida hazil qilish yaramaydi. Ayniqsa yoshlarimiz shuni yaxshi bilsinlarki, hazillashib aytilgan taloq ham shariatda e'tiborga olinadi.

Ma'lumki, erkak kishi ayol kishiga qaraganda tabiatan bosiq, mulohazali, jahli chiqqanda o‘zini tuta oladigan bo‘lgani bois, taloq berish huquqi erga berilgan. Qur'oni karimda bunga: «...Nikoh o‘z ixtiyorida bo‘lgan kishi...» deb ishora qilingan (Baqara surasi, 237-oyat). Albatta, oila boshlig‘i bo‘lish, o‘z qaramog‘idagilarni nafaqa bilan ta'minlash, oilaning sha'nini saqlash erkaklar uchun ham sharafli va ham mas'uliyatli burchdir. Shunday ekan, erkaklar o‘z huquqlarini suiiste'mol qilmasliklari, ajralish niyatlari bo‘lmagan taqdirda ham «taloq» so‘zini aytmasliklari lozim.

Tilga erk berib, taloq so‘zini aytish noma'qul ishlardan bo‘lib, uni aytgan kishi Rahmonning g‘azabini keltirgan, shaytonni xursand qilgan bo‘ladi. Rivoyatlarda aytilishicha, har tongda shayton o‘z malaylarini odamlar orasiga yuborib, kunning oxirida ularning kun bo‘yi nima ish qilganlari bo‘yicha hisobot olar ekan. Shunday kunlarning birida malaylardan biri: «Men bugun ikki do‘st orasida nizo chiqarib, ularni bir-biriga qayrab, dushmanga aylantirdim», debdi. Boshqasi: «Men aka-ukani yuzko‘rmas qilib yubordim», debdi. Uchinchisi: «Men esa ikki kishini urushtirdim, oqibatda biri ikkinchisini o‘ldirdi», debdi. Shu tariqa hammalari o‘z qilmishlarini aytib berishibdi. Shunda shayton ularga: «Senlar maqtanishga arzigulik hech qanaqa ish qilmabsanlar», debdi. Shu vaqt malaylardan biri: «Men bugun tinch-totuv yashayotgan bir oiladagi er-xotinning orasiga tushib, erni xotinga qayrab, unga «taloq» so‘zini ayttirdim», debdi. Shunda shayton: «Hammasidan ham sening ishing maqtovga loyiq bo‘libdi», deb uni yoniga o‘tkazib, izzat-ikrom ko‘rsatgan ekan.

Alloh taolo barchalarimizni shaytoniy vasvasalardan asrab, oilalarimiz bilan tinch-totuv va farovonlikda hayot kechirishimizni bardavom qilsin.

 

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

Yunusobod tumani bosh imom xatibi,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom xatibi

 

Top