00:23 / 22.12.2016
25010

"Qizil telefon", qaynoq liniya, Moskva-Vashington...

Foto: AFP

Turli mamlakatlar yetakchilari o‘rtasidagi masofali muloqot - odatiy hol. Biroq, OAVga ko‘ra, Barak Obama saylovlar arafasida Rossiya prezidentiga AQShdagi ovoz berish jarayonlariga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida aytish uchun Moskva bilan maxsus "qizil telefon" orqali bog‘langan.

Manbaga ko‘ra, bu o‘sha "qizil telefon" emas, shunchaki yopiq aloqa kanali bo‘lgan. 

Shunday bo‘lsa-da, bu qanday telefon?

Eng avvalo, dunyo yetakchilarining bu kabi muzokaralari qanday tashkil etilishini anglab yetish lozim. 

Muzokaralar

Masalan, AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Germaniya federal kansleri Angela Merkelga qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Bu qanday amalga oshadi? Kunning istalgan paytida mobil telefon orqalimi? Ehtimol, sms'ning o‘zi yetar? 

Albatta, hammasi u qadar oson emas. Amal qilinishi kerak bo‘lgan ma'lum bir reglament bor, prezident ma'muriyati xodimlari va boshqa amaldorlar tomonidan muayyan tayyorgarlik ko‘rilishi kerak. 

Agar ikki mamlakatning munosabatlari barqaror bo‘lsa, tomonlardan birining operativ markazi boshqasi bilan bog‘lanib, "prezidentimiz sizning rahbaringiz bilan suhbatlashishga tayyor" deyilsa, bas. 

Aloqalar u qadar yaqin bo‘lmasa, mamlakatlardan birining elchisi o‘z rahbari nomidan rasmiy so‘rov yuborishi kerak bo‘ladi. Tomonlar telefon qo‘ng‘irog‘ining sabablari, bo‘lg‘usi suhbat mavzusini muhokama qilishadi, shundan so‘ng unga prezidentning (kanslerning yoki vazirning) jadvalidan bo‘sh vaqt izlashadi. 

2014 yilda Yahoo News muxbiri Olive Noks Barak Obama, kenja Jorj Bush va Bill Klintonning yordamchilaridan AQSh prezidentlarini xorij rahbari bilan suhbatga qanday tayyorlashlari haqida batafsil so‘rab bilishga harakat qildi. 

Bu ish bilan suhbatdoshi haqida to‘liq ma'lumotni tayyorlovchi Milliy xavfsizlik kengashi (NSC) shug‘ullanadi. Unda barcha ma'lumotlar bo‘ladi - suhbatdoshning fe'li, shaxsiy hayoti, yaqinlarining salomatligi va h.k.

Masalan, biror bir mamlakat prezidenti turmush o‘rtog‘ining tobi qochib qolsa, NSC unga albatta xushmuomala bo‘lishni va rafiqasining salomatligi haqida so‘rashni eslatib qo‘yadi. 

Prezident yordamchilaridan biri eski va qadrdon telefon apparati nimasi bilan yaxshi ekanligiga izoh berdi. "Bunday suhbat vaqtini ko‘chirishga hojat qolmaydi. Telefonni yoqish va xavfsizlantirish nisbatan oson. Bunday telefon deyarli hammada bor", - deya izoh berdi u. 

Shunisi diqqatga sazovorki, Uotergeyt mojarosidan keyin bunday suhbatlar yozilmaydi. Biroq biryo‘la bir necha NSC xodimi suhbatni eshitib, uni matn ko‘rinishida chop etishadi. 

Rahbarning so‘zlarini eshituvchi yana bir muhim shaxs - tarjimon. Ammo shuni yodda tutish lozimki, bunday darajadagi suhbatlarga kirishdan avval u ko‘p sinovlardan o‘tgan bo‘ladi. 

Bularning bari yaxshi, albatta, ammo zarur ish chiqib, boshqa mamlakat rahbari bilan zudlik bilan bog‘lanish kerak bo‘lsa-chi?

"Qizil telefon"

Mana shu yerda "qizil telefon" jonga oro kiradi. Aslini olganda bu telefon qizil emas va u hatto telefon emas. 

Bu - AQSh va SSSR yetakchilari tomonidan 1963 yilda yadroviy urushga aylanib ketishiga oz qolgan Karib inqirozidan keyin yaratilgan qaynoq aloqa liniyasi. 

O‘sha voqealar davomida Nikita Xrushchevning 3 ming so‘zdan iborat bo‘lgan nomasini qabul qilib, uni qayta shifrlash uchun AQShga taxminan 12 soat kerak bo‘lgan. Tabiiyki, shoshilinch paytda bunday aloqa ish bermaydi. 

Shu bois 1963 yilning 20 iyunida Jyenevada ikki "yov" tomon "To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa liniyasi yaratishga doir kelishuv memorandumi"ni imzoladi. 

Memorandumning maqsadi — ikki mamlakat bir-birini baxtsiz hodisalar, yadroviy energiya, shuningdek flot va qo‘shinning rejadan tashqari ko‘chishi bilan bog‘liq u yoki bu voqeadan boxabar qilish.

Bu liniyadan mobil telefon kabi qo‘ng‘iroq qilib bo‘lmaydi, albatta. Unda faqat xabarlar, grafika, sxema yoki diagramma yo‘llash mumkin. Dastlab buning uchun teletayp ishlatildi, keyinroq - faks, 2008 yildan esa - elektron maktublarni yo‘llash uchun himoyalangan kanal. 

Avvallari qaynoq liniya jahon klassik adabiyoti yordamida muntazam sinovdan o‘tkazilardi. Masalan, amerikaliklar ayiq Rossiya ramzi ekanini yaxshi anglab, Vinni-Pux asari qahramonlaridan foydalanishmaydi. 

Qachon qo‘llashgan

Public domain

Moskvaga yo‘llangan birinchi xabar matni quyidagicha bo‘lgan: "The quick brown fox jumped over the lazy dog's back 1234567890" (Epchil jigarrang tulki dangasa itning ustidan sakrab o‘tdi).

Mazkur gapda lotin alifbosining hamma harflari, shuningdek arab raqamlari va tutuq belgisi bor. Uning yordamida odatda teletayplar va bosma mashinalarni tekshirishgan. 

Amerikaliklar qaynoq liniyaga birinchi marta rasman 1963 yilning noyabrida prezident Jon Kennedi o‘ldirilganda murojaat qilishgan. 

SSSR esa qaynoq liniyani birinchi marta rasman 1967 yilning 5 iyunida, Olti kunlik urush (Isroil va arab mamlakatlari o‘rtasida) boshlanganda qo‘llagan va bunda AQShning qo‘li bor yoki yo‘qligini bilmoqchi bo‘lgan. Prezident Lindon Jonson Amerikaning bunga hech qanday aloqasi yo‘qligiga ishontiradi. 

Bundan tashqqari, Moskva va Vashington bu liniyadan Uchinchi hind-pokiston urushi vaqtida (1971 yilning dekabrida ) foydalangan - o‘shanda tashabbuskor prezident Richard Nikson bo‘lgan. 

1979 yilda prezident Jimmi Karter qaynoq liniyani Afg‘onistonga sovet qo‘shinining olib kirilishiga e'tiroz bildirish uchun qo‘llaydi. 

 AP Photo/ Dennis Cook

1986 yilda prezident Ronald Reygan ham qaynoq liniyaga murojaat qiladi va Amerika jurnalisti Nikolas Daniloffning josuslikda ayblanib, hibsga olinishi munosabati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilganligi haqida ma'lumotlar bor. 

"Qizil telefon" AQShning 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishini muhokama qilish uchun ham qo‘llangan. Barak Obama ma'muriyati esa "xakerlar"gacha biror marta bu kanalga murojaat qilmagan. 

Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya prezidentlarining xakerlik hujumiga doir suhbati "oddiy yopiq kanal orqali" amalga oshgan. Bunday telefonlar bir qator dunyo poytaxtlarida mavjud. Shunday ekan, aynan "qizil telefon" haqida ma'lumot bergan NBC bu masalada noaniqlikka yo‘l qo‘ygan ko‘rinadi. 

 

Mavzuga oid
Top