13:48 / 22.12.2016
5174

Korean Air uchuvchilarining ish tashlashi sabab 18ta aviareys bekor qilindi

Foto: TASS

Janubiy Koreyaning eng yirik aviakompaniyasi Korean Air uchuvchilari 10 kunlik ish tashlashni boshlashdi. Aviatashuvchi vakillarining xabar qilishlaricha, ushbu norozilik aksiyasi munosabati bilan 18ta parvoz, shu jumladan 4ta xalqaro reys bekor qilingan. 

"Kompaniya yo‘lovchilarga yetkaziladigan noqulayliklarni kamaytirishga harakat qilmoqda", - deyiladi xabarda. Korean Air ma'lumotlariga ko‘ra, bekor qilingan xalqaro reyslardan ikkitasi Yaponiyaga bo‘lib, biri Tokio, ikkinchisi Osaka shahriga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan. 

Korean Air uchuvchilarining so‘nggi 11 yildagi birinchi ish tashlashi kasaba uyushmasi vakillari va kompaniya rahbariyati o‘rtasidagi maoshlarni 34 foizga oshirish bo‘yicha muzokaralar besamar yakunlanganidan so‘ng boshlangan. 

Kasaba uyushmasi, shuningdek, mehnat sharoitlari yaxshilanishini ham talab qilmoqda. Bu esa, aviatashuvlar xavfsizligini oshirishga yordam beradi. 

"Kompaniyada faoliyat yurituvchi 2,3 ming uchuvchidan 189 nafari ish tashlashda qatnashmoqda, - deyiladi kasaba uyushmasi xabarida. – Bu yo‘lovchilarga yetkaziladigan noqulayliklarni imkon qadar kamaytirish hamda ishni davom ettirayotgan uchuvchilarga qo‘shimcha yuklama bermaslik imkonini beradi". Ish tashlashlar 31 yanvargacha davom etishi rejalashtirilgan.

 

Top