10:44 / 22.12.2016
5114

OAV: Xitoy is gazi darajasini kuzatuvchi sun'iy yo‘ldoshni fazoga uchirdi

Foto: AP

Xitoy atmosfera tarkibidagi uglerod ikki oksidi miqdorini kuzatib turuvchi TanSat sun'iy yo‘ldoshini fazoga uchirdi. U mamlakat shimoli-g‘arbidagi Gobi sahrosida barpo qilingan Tszyutsyuan kosmodromidan havoga ko‘tarilgan. "Sinxua" agentligining xabar qilishicha, sun'iy yo‘ldosh "Chanchjen-2-Di" (Long March-2D) raketa tashuvchisi vositasida fazoga olib chiqilgan.

Vazni 620 kg keladigan TanSat 700 km balandlikdagi quyoshga sinxron orbitaga olib chiqilgan. U Yer atmosferasida uglerod ikki oksidi to‘planishi va miqdoriga oid ma'lumotlarni Yerga uzatish vazifasini bajaradi. Qurilmaning bosh konstruktori In Tszenshanning so‘zlariga ko‘ra, qurilma iqlim o‘zgarishlarini o‘rganishga imkon beradi. U 3 yil muddat davomida ishlashga mo‘ljallangan. 

Xuddi shunday raketa tashuvchi yordamida yana uchta mitti sun'iy yo‘ldosh orbitaga chiqarilgan, deb xabar qilmoqda "Sinxua" agentligi. Ular Xitoy xalq xo‘jaligi maqsadlariga xizmat qiladi. 

 

Mavzuga oid
Top