19:37 / 22.12.2016
12208

Trampning bolaligi o‘tgan uy sotildi

Foto: Google image

AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning bolaligi o‘tgan uy 1,25 million dollarga sotildi. Uni nomi oshkor etilmayotgan shaxs xarid qilgan, deb xabar beradi New York Post.

Uy Nyu-Yorkning Kuins tumanida joylashgan. Uni ajrashayotgan er-xotinlar – restoran biznesi bilan shug‘ullanuvchi Ayzek Kestenberg va rafiqasi Klaudiya sotuvga qo‘ydi. Ular binoni 2008 yilda 782,5 ming dollar evaziga xarid qilishgan.

Uyning yangi egasi ko‘chmas mulk sohasida ishlovchi nyu-yorklik sarmoyador ekani ma'lum, xolos. U uyni kimoshdi savdolarga qo‘yib bo‘lgan. Savdolar Trampning inauguratsiya marosimiga bir necha kun qolganda – 17 yanvar kuni o‘tkaziladi.

Ta'kidlanishicha, investor uy u bergan mablag‘dan ancha qimmatroq turishini yaxshi tushunib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp sentabrda teleboshlovchi Jimmi Fellonga The Tonight Show dasturida bolaligi o‘tgan uyni sotib olish niyatida ekanini ma'lum qilgandi. Bino siyosatchining otasi Fred Tramp tomonidan 1940 yilda qurilgan.
 

Mavzuga oid
Top